Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:

  • transport vositalari haydovchilarining giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’mol qilgani holatini aniqlashda narkotester maxsus moslamasidan foydalanish;
  • narkotester maxsus moslamasi yordamida transport vositalari haydovchilarining giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’mol qilganligi aniqlangan hollarda yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar algoritmi.

Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holda ekanini va giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’mol qilganini aniqlash YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida qoidabuzarlik yuz bergan joyning o‘zida amalga oshirilishi mumkin.

Tekshiruv oldidan YPX xodimi transport vositasi haydovchisini maxsus moslama (alkotester, narkotester)ning ishlash tartibi bilan tanishtiradi, uning talabiga asosan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatadi.

Tekshiruv YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida belgilangan tartibda transport vositasi haydovchisining og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lar konsentratsiyasi miqdorini yoxud biologik suyuqlik (so‘lak)da giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar borligini aniqlash orqali o‘tkaziladi.

Transport vositasi haydovchisi maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan yoxud unda tekshiruv natijalariga e’tiroz mavjud bo‘lgan hollarda, shuningdek, transport vositasi haydovchisining og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarilgan biologik suyuqlik (so‘lak) narkotester yordamida tekshirilganda uning giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’mol qilganligi aniqlangan taqdirda, YPX xodimi transport vositasi haydovchisini alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar ta’siridan mast holda ekanini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasiga olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oxirida hukumatning YPX xodimlarining maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi bo‘yicha qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgani, hujjat bilan haydovchilarining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ta’siridan mast holatda ekanini aniqlashda narkotester texnik vositasidan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, hujjat 28 maydan kuchga kiradi.