30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendum arafasida internetda e’lon qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘yicha konstitutsiyaviy qonun loyihasida prezident vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasida bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi qoida ham saqlanib qolgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 7-moddasida uning yangilanishi bilan prezident va boshqa bir qator davlat mansabdor shaxslari oldingi muddatlari sonidan qat’i nazar, ayni shu lavozimlarga qayta saylanishi va tayinlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Qonundagi tahrirdan kelib chiqib, prezidentning amaldagi vakolat muddati (besh yil) ikki yilga uzaytirilishini taxmin qilish mumkin. Rasmiylar tomonidan ushbu qoidaga aniqlik kiritilmagani sababli keyingi saylovlar qachon bo‘lib o‘tishi haqida turli xil versiyalar mavjud — 2026 yoki 2028 yilda.

«Har bir nuqta yoki vergul ham katta ahamiyatga ega»

Akbar Toshqulovning aytishicha, Konstitutsiyaning yangi tahriri loyihasida va konstitutsiyaviy qonunning 7-moddasida jumlalar «aniq, tushunarli» yozilgan. Shu bilan birga, u jumlalar murakkab tilda yozilgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

Adliya vazirligi rahbari ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida ham muhokamalar bo‘lib o‘tgani, mas’ul mutasaddilar ushbu mavzuni ko‘targanini ta’kidladi. Loyiha Konstitutsiyaviy sudda ham muhokama qilingan.

«Bir narsani tushunishimiz kerak, qonunlarga, umuman, Konstitutsiyaga kim sharh beradi? Konstitutsiyaga Konstitutsiyaviy sud sharh beradi», — dedi vazir.

«Yuristlarda bir narsa bor, har bir nuqta yoki vergul ham katta ahamiyatga ega. Shuning uchun Konstitutsiyaviy sud degan idora bekorga tuzilmagan. Ularda eng malakali, sohaning eng yetuk olimlari yoki mutaxassislari o‘tiribdi. Konstitutsiyaning qaysidir moddasini sharhlash kerak bo‘lsa, o‘sha davlat organi sharh berishi — eng to‘g‘ri yechim», — dedi u.

Vazirning ta’kidlashicha, u muxbir keltirib o‘tgan moddani u aytganidan boshqacharoq tushunadi. «Siz buni qanday tushunsangiz, shunday qabul qilishingiz kerak», — dedi u. «Hammaning o‘z fikri bor», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Konstitutsiyani prinsipial o‘zgartirmasdan turib, davlatni o‘zgartirib bo‘lmaydi»

Akbar Toshqulov Konstitutsiyaga «inson huquqlari bo‘yicha juda katta o‘zgarishlar» kiritilayotganini ta’kidladi.

«Nima uchun kerak edi Konstitutsiyani o‘zgartirish deyilsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan ba’zi moddalar bor», — dedi u.

«Ertaga davlatning qurilishi birinchi o‘rinda Konstitutsiya va qonunlarga asoslanadi. Mana shu Konstitutsiyani prinsipial o‘zgartirmasdan turib, davlatni o‘zgartirib bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

«Buni rivojlangan mamlakatlarda ham ko‘rishingiz mumkin. Amerika siyosatida tarix nima uchun o‘zgargan desangiz, Konstitutsiyaning falon moddasi o‘zgargandan keyin hayot o‘zgargan», — deb davom etdi u.

«O‘zbekistonda ham juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilmasdan turib, ayrim islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Shu bois Konstitutsiyaga shunday o‘zgartirishlar kiritilmoqda», — deya ta’kidladi vazir.