Nega Toshkentga intilamiz?
Nega Toshkentga intilamiz?
O‘zbekistondagi ichki migratsiyaning asosiy tendensiyasi shunday – odamlar asosan Toshkentga ko‘chadi. Poytaxtda propiska rejimi favqulodda kuchli bo‘lgan baʼzi yillarda Farg‘ona yoki Samarqand maʼqulroq ko‘rilgan. Ammo bu trend uzoq davom etmagan.

So‘nggi yillarda Toshkentga ko‘chish ko‘rsatkichi sezilarli oshdi. 2016-2017 yillarga qadar poytaxtga har yili 15-20 ming atrofida odam ko‘chib kelgan bo‘lsa, 2019 yili salkam 35 ming, 2020 yili 78 ming, 2021 yilda qariyb 112 ming kishi Toshkentda qo‘nim topdi (bunda propiska rejimi aynan shu yillarda yengillashtirilganing ham o‘rni bor). 2022 yilda ko‘rsatkich biroz pasaydi (97 ming), lekin shunda ham respublikaning boshqa biror joyida bunga yaqin kela oladigan raqam yo‘q.

Nega ko‘pchilik Toshkentga oshiqadi? O‘qish, ish, turli-tuman imkoniyatdan tashqari yana boshqa sabablar ham bormi? “Gazeta.uz” shu kabi savol bilan O‘zbekistonning turli hududlarida tug‘ilib-o‘sib, yashash va ish joyi sifatida poytaxtni tanlagan bir nechta kasb egalariga murojaat qildi.
Firuz Allayev
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti va Fransiyaning Siyosiy tadqiqotlar instituti Xalqaro siyosiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. Asaxiy.uz internet do‘koni rahbari, 33 yosh.
Katta shaharlar — odamlarning hayot kechirishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaxshi makon. Biznes nuqtai nazaridan qaraganda ham bir necha million aholi yig‘ilgan shaharlar qulay: hudud katta, infrastruktura rivojlangan, raqobat va mijoz bor. Butun dunyoda odamlar katta shaharlarga migratsiya qiladi va bu tabiiy jarayon.
реклама
реклама
O‘zbekiston nuqtai nazaridan kelib chiqiladigan bo‘lsa, barcha jarayonlar markazlashgan hudud — Toshkent. Infratuzilmasi yaxshi, gavjum, mamlakat, aksiga olib, juda markazlashgani bois, iqtisodiy jarayonlarning asosiy qismi ham poytaxtda. Taʼlim, tibbiyot ham markazlashtirilgan — respublikadagi yaxshi universitetlarning 50 foizdan ortig‘i shu yerda, og‘irroq operatsiyalarni o‘tkazish ancha oson, hatto asosiy logistika jarayoni ham Toshkent orqali — Toshkent orqali dunyoning boshqa mamlakatlariga uchib ketish Samarqand yoki Buxorodan ko‘ra ancha oson. Mamlakatni teng rivojlantirish jihatidan bu - xato, lekin afsuski, O‘zbekiston sharoitida shunday bo‘lib qolgan.

Toshkent — imkoniyatlar shahri. Shuning uchun uni yaxshi ko‘raman va qadrlayman. Bu yerda rostmana harakat qilgan, tirishgan odam dunyoning istalgan boshqa katta shahrida bo‘lgani kabi o‘zini, yo‘lini topib oladi. Aksar hollarda viloyatlardan Toshkentga o‘qish uchun keladiganlarning asosiy maqsadi bir xil — katta odam bo‘lish. Men ham shunday xayolda kelganman. Fikrimcha, bunga erishdim: 100 dan ortiq xodim ishlaydigan, butun O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatadigan biznesga asos soldim, uyli bo‘ldim, oilam bor, bolalarimni katta qilib turibman, hammamiz sog‘-salomatmiz. Albatta, bu rejalarni faqat Toshkent bilan bog‘lamagandim, lekin aynan shu yerda amalga oshdi.
Foto: Firuz Allayevning shaxsiy arxividan olindi.
Tadbirkor sifatida poytaxtdan tashqarida, deylik, o‘zim tug‘ilib o‘sgan G‘ijduvonda ham biznes qilish mumkin. G‘ijduvon — tadbirkorlar tumani. Lekin men u yerdan turib, butun O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatadigan katta biznesni tashkil qilolmasdim. Chunki internet bilan bog‘liq biznesda internetlashuv, aholining internet orqali xizmatlarni xarid qilishi, umuman, internet madaniyati juda muhim ahamiyatga ega, bu borada Toshkent bilan G‘ijduvon (uning o‘rnida O‘zbekistonning istalgan boshqa nuqtasi ham bo‘lishi mumkin) keskin farq qiladi.

Hozircha kelajagimni Toshkent bilan bog‘laganman. Agar hayot qaysidir nuqtada o‘zim tug‘ilib o‘sgan hududga qaytishga majbur qilsa, boshida moslashish qiyin bo‘lishi tabiiy, ammo bunga qandaydir fojia deb qaramayman.

Lekin hech qachon ortga qaytib, Buxoroda yashash fikri bo‘lmagan, hozir ham yo‘q. Chunki doim katta shaharlarga intilganman, ularda qulaylik bor. Toshkent bo‘lmagan taqdirda, Yevropaning boshqa qaysidir shahrida yashayotgan bo‘lardim.
Albatta, Toshkentni yashash uchun ideal joy ham deb aytolmayman, kamchiliklar yetarlicha. Asosiy muammolardan biri — ekologiya, ikkinchisi — noto‘g‘ri infrastruktura sabab shaharning piyodalar, aholi uchun noqulaylashib, asosan mashinalar uchun moslashib boshlagani. Qolaversa, xavfsizlik nuqtai nazaridan nazorat keragidan ortiq ko‘p, iqtisodiy qiyinchiliklar ortidan jamiyat yolg‘onga ko‘milib qolgan. Toshkentda yolg‘on O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan ko‘proq. Katta shaharning stressi odamlarni manfaat ustida munosabat qurish, ko‘proq yolg‘on ishlatishga majbur qilib qo‘ygan.

30-40 yildan keyin bugungidan-da mukammalroq infrastruktura, batartib jamoat transportiga ega, odamlari yana-da erkin va yana-da samimiy, muhimi, havosi toza Toshkentda yashashni istardim.
Fazilat Karomova
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tugʻilgan. Qarshi davlat universiteti hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan. ISTAL ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi muhandisi, 41 yosh.
Bolaligimdan televizorlardagi koʻrsatiladigan manzara: bir eshikdan kirganda hamma sharoiti bor, issiq-sovuq suv, gazu elektri oʻchmaydigan, mol-hol, dala ishlari yoʻq, tevarak-atrofi koʻzni quvnatadigan uyim boʻlishini orzu qilardim. Turmushga chiqqach, shu orzuim ushaldi.

Qarindosh-urugʻ, ota-ona, doʻstlardan uzoqda boʻlish xavfidan choʻchimaganman. Qayerda boʻlsam ham tugʻilajak bolalarim yaxshi sharoitda yashashi, tarbiyalanishi kerak derdim. Balki shuning taʼsirida tish-tirnogʻim bilan poytaxtga intilgandirman.
Toshkent – shiddatli shahar. Qashqadaryoda odamlarning harakatlarini filmlardagi sekinlashtirilgan kadrga oʻxshataman: gapirishu, oʻzlarini tutishlari juda bemalol. Buni oddiygina taksidan foydalanganda ham sezish mumkin. Odamlar manziliga yetgach, mashinada bamaylixotir choʻntak yo sumkasini kavlab pul oladi, uzatadi, soʻngra tushadi.
реклама
реклама
Albatta, poytaxtda yashash ham oson emas. Bu yerda oʻtkazgan 16 yilimizning taxminan, 12-13 yilini propiska muammosi bilan oʻtkazdik. Oʻzimcha, gapga chechanman deymanu, lekin propiska tizimidan qanchalar nafratlanishimni ifodalab berolmayman.

Turmush oʻrtogʻim bilan mahalla, jamoat ishlarida faolligimiz, mehnatdan qochmaganimiz uchun atrofdagilar, qoʻshnilar bilan muammo boʻlmagan. Ishxonada ham oʻrnimizga ega edik. Lekin birgina propiska qaysidir maqsadlarimizga erishishga toʻsiq qoʻygan, baʼzi davlat tashkilotlarida shu bahona bilan lavozimdan lavozimga koʻtarilmay qolish hollari uchragan.
Fazilat Karomova (chapdan ikkinchida) oilasi bilan.
Foto: Shaxsiy arxivdan
Bir necha yillar avval turmush oʻrtogʻimni Qarshi shahridagi tashkilotlardan biriga rahbarlikka taklif etishgandi. Oʻshanda: «Agar xohlasangiz boravering, lekin men bolalar bilan hech qachon qaytmayman», deganman. Kulgili tuyular, ammo Toshkentdagi barcha viloyatlikni ortga qaytarish haqida qaror chiqqan taqdirda ham hech qachon ortimga qaytmasdim. Bor imkoniyatimni ishga solib chet elga ketardim.
Kamola Mardonova
Namangan viloyati Uychi tumanida tugʻilgan. Savdogar, 38 yosh.
Bu yerga kelganimizga bir yil boʻldi. Turmush oʻrtogʻim oxirgi ikki yilda ikki marta insultni boshdan oʻtkazgach, shifokor havo almashtirish uchun Toshkentga olib boring-chi, dedi. Keldik, haqiqatdan ijobiy oʻzgarishni sezdik. Namanganda qon bosimi 180/140 dan tushmasdi, kuniga 6-7-martalab tez yordam chaqirardik. Toshkentda 120/100 boʻldi. Viloyatdagi hovlimizning uchta zinapoyasidan ham tusholmasdilar, bu yerda toʻrtinchi qavatga bemalol tushib-chiqyaptilar. Xastalik sabab poytaxtni tanladik.
Toshkent ishlash uchun ham yaxshi joy. Ish koʻp, harakat qilsangiz, pul topasiz, boqimanda boʻlmaysiz. Xudoga shukr, savdo-sotiq ortidan ijara puli, bolalar oʻqishi, xoʻjayinimning dori-darmoniga yetkazyapmiz. Mayiz, yongʻoq, turshak, xandon pista, gajak, bananu mandarin sotaman. Agar shuni viloyatda sotay desam, birov olmaydi, hamma oʻz bogʻidagini quritib, tayyorlab olaveradi.
Ikki oʻgʻil, bir qizim bor. Oʻzim oʻqimaganman, bolalarimning Toshkentda oʻqishini, yaxshi joyda ishlashini xohlayman. Poytaxtning yana bir plyusi – farzandlarimni oʻqishga qiziqtirdi, ilmga ishtiyoqini oshirdi.

Maktabga birinchi borgan kunimiz Toshkentdagi sharoit bizning qishloqlargacha yetib bormagani bilindi. Maʼlumotlar bazasi, nazorat vositalarini tushuntirishdi, «Bizda bundaylari yoʻq edi», desam, «Toshkentga ham endi keldi, sizlarga ham yetib boradi», deyishdi.

8 sinf oʻgʻlimning oʻqishi ancha jonlandi. Geografiyadan Bilimlar sinovida 3-oʻrinni oldi, endi undanam yuqorisiga harakat qilyapti. Ikkinchi oʻgʻlim dangasaroqmidi yo oʻqigisi kelmasmidi, avvallari koʻp dars qoldirardi. Hozir erta turib chiqib ketadi.
Kamola Mardonova ish jarayonida
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Turmushga chiqqach, 12 yil uydan chiqmay oʻz qobigʻimda yashab yurgan ayol edim. Toshkentga kelib ish tufayli atrofdagilar bilan gaplashyapman, nimadir oʻrganyapman. Gaz, svet va issiq suv jonning huzuri. Oʻzim tezak qilishdan, bolalarim esa paxta dalasida, hovli tomorqasida ishlashdan qutuldik. Hech birimiz ortga qaytishni xohlamaymiz. Jahlim chiqqanida: «Hammangni qishloqqa joʻnatvoraman» desam, «Voy, yoʻq bormaymiz!» deyishadi.
Dilmurod Jabborov
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tugʻilgan. Chorsu bozorida aravakashlik qiladi, 48 yosh.
Toshkentga 24 yoshimda kelganman. Bir muddat qurilishda ishladim, qish kelib, ish topilmagach, aravakashlikka oʻtib ketdim. Oilam Buxoroda, bu yerda ijarada turaman. Bir oy ishlayman, 10 kun uyga borib kelaman.

Tirikchilik ilinjida umrimning yarmini shunday darbadarlikda oʻtkazib qoʻyibman. Agar qishlogʻimda 3-4 million soʻmlik ish topganimda allaqachon ketardim.

Toʻgʻri, u yerda ham ish bor: bozor, qurilish, lekin puli kam, narx-navo esa qimmat. Oila boqish, soliqlar, farzandlarimning kontraktiga yetmaydi. Toshkentda mehnat haqqimni har kuni, naqd olaman. Kuniga 100-150 ming soʻm topaman, bir oyda 4 million, undan ortiqroq summa boʻladi.
Bu yerga kelib topganim faqat pul boʻldi. Poytaxtning boshqa hech bir imkoniyatini koʻrmadim: faqat ish va pul bor.
Dilmurod Jabborov ish jarayonida
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Farzandlarim Buxoro davlat universitetida tilshunoslik boʻyicha oʻqishadi. Oʻgʻil-qizlarimni uylantirib, uzatgach, viloyatimga ketaveraman. Asalarichilikka qiziqaman. Besh yillardan keyin shu ishni boshlamoqchiman. Hozirdan ortiqcha chiqimni yigʻishtirib, topganimni shunga jamgʻarishim kerak, ammo boʻynimda olaxurjun bor, pul toʻplashning iloji yoʻq.
Muqaddamxon Saidrasulova
Namangan viloyati Norin tumanida tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti tayanch doktoranti (PhD), 29 yosh.
Toshkentga har kim turli maqsad bilan keladi, lekin barida bitta ragʻbat bor – qulaylikka intilish. Oʻzbekiston boʻyicha infratuzilmaning eng qaymogʻi – Toshkentda. Taʼlimda keng imkoniyat, mehnat bozorida eng yaxshi mehnat sharoitlari, xususan, oylik daromad, kundalik turmushda eng keng tanlov – koʻpi shu yerda mujassamlashgan.
реклама
реклама
Men uchun Toshkentda oʻqish, ishlash va yashashning birinchi afzalligi – vaqtimni oʻzim xohlagandek taqsimlay olishim. Muntazam oʻqib-oʻrganish, kasbiy oʻsish, sevimli mashgʻulotlarim bilan shugʻullanish, imkoniyatlarim chegarasini doimiy ravishda kengaytirish, yana farzandlarimning jahon andozalariga yaqinroq(!) sharoitda taʼlim olishini xohlayman. Buning uchun noqulay hayot tarzi va uning katta-kichik tashvishlariga qarshi kurash bilan andarmon boʻlmasligim muhim.
Talabalik yillarim bir ustozim tugʻilib oʻsgan joyimga koʻproq kerakligim haqida hazilnamo tanbeh bergandi. «Domlamning gapi toʻgʻri», deganmanam. Lekin keyinchalik bu fikrimdan qaytganman. Nazarimda, biz ota-onamizdan farqli tugʻilib oʻsgan makonga qattiq bogʻlanib qolmaganmiz. Qayerda oʻzimizga mos, qulay «komfort zona» yarata olsak, oʻsha yerda qolishga moyilroqmiz.

Tugʻilib oʻsgan joyda nimanidir oʻzgartirish, boshqalar hayotini yaxshilash uchun har doim ham u yerda yashash shart emas. Baʼzan vijdon chidamay, vatanparvarlik oshib ortga qaytsangiz ham, bu ularga hamdardlik bildirib, birga yashashdan boshqa hech nima bermasligi mumkin.
Muqaddamxon Saidrasulova
Foto: Shaxsiy arxivdan
Toshkentning menga atagan yutuqlarini qadrlayman, lekin kezi kelsa, ochiqdan-ochiq boʻgʻib qoʻyadigan holatlar boʻlishini ham inkor etmayman.
Toshkent – Oʻzbekiston kontekstida olib qaralsa, oʻqish, ish, yashash uchun eng qulay shahar. Boshqa poytaxt shaharlari bilan solishtirsak, oʻta ifloslangan havosi, narx-navosining qimmatligi, tirband va piyodalar uchun xavfli koʻchalari, nostandart jamoat transporti, mahalliychilik kabi kamchiliklari yuzaga qalqib chiqaveradi.
Sirojiddin Ibrohim
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tugʻilgan. «Mahalla» teleradiokanali bosh muharriri oʻrinbosari, 29 yosh.
Toshkent – jurʼat, ozroq toshbagʻirlik va mehnatkashlikni yoqlaydigan shahar. Ehtimol, barcha shahri azimu boshkentlarga xos xususiyatdir bu. Hududlardan markazga yashash ilinjida keluvchi boshqa soha vakillarini aniq bilmadimu, ijod ahlining intilishi boisi – bu yerda maslakdoshlar, yuzaga chiqish, kengroq quloch yozish imkoni bor.
Poytaxtdan uzoqlashganingiz sari, Usmon Azim taʼbiri bilan aytganda, «osmon pasayib», bu imkoniyat zaiflashib boradi. Toshkentni imkoniyatlar makoni desak, juda dabdabali baho boʻladiyu, biroq viloyatlardagidan koʻra «maʼnaviy kislorod» koʻproq.
Hozir meni tushuna oladiganlar davrasidaman. Nisbatan yaxshi bir joyda ishlayapman. Ammo ota-ona, yaqinlar diydoriga zoriqaman. Gohida qishloqning ogʻir mehnatini ham qoʻmsab qolaman. Shahar hayotining yaltiroq jimjimalari ruhimni toliqtiradi. Jaydari munosabatlarni sogʻinaman.
Sirojiddin Ibrohim hamkasblari bilan
Foto: Shaxsiy arxivdan
Qishlogʻimga qaytishga majbur boʻlib qolsam, bu oson kechmasligi aniq. Erishgach, qaytish haqida reja qilmaganman. Poytaxt bilan bogʻliq maqsadlarim bir umrlik, deb oʻylayman. Balki ajalga sabr berib, keksalikka yetadigan boʻlsam, shu istak uygʻonib qolishi mumkindir.

Hozircha esa tugʻilib oʻsgan yerimning menga hech ehtiyoji yoʻq deb oʻylayman. Qishloq uchun qolipdan koʻchgan gʻishtman. Borib ishlashga kelsak, tirikchilik dardi bilan yurgan hamqishloqlarimga yuksak sanʼatu adabiyotdan maʼruza oʻqib oʻtirishimni bir tasavvur qilib koʻring-a?!
Iroda Nasimova
Jizzax shahrida tugʻilgan. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tayanch doktoranti, 28 yosh.
Jizzaxda tugʻilib oʻsganman, Samarqandga kelin boʻldim, Toshkentda yashayman. Taqdir meni shu uch shahar bilan ipsiz bogʻladi. Uchalasini ham bir-biridan kam yaxshi koʻrmayman. Turmush oʻrtogʻim bilan kursdosh edik. Jahon tillari universitetini bitirar yilimiz toʻyimiz boʻlgan. Toshkentda atigi 3-4 oylik qiyinchiliklarga chidolmay (ijara toʻlovi, yosh oilalarga xos xarajatlar) butkul viloyatga qaytib ketmoqchi boʻlganmiz.
реклама
реклама
Jurnalistika sohasidagi talaba oʻqishini bitirar muddatgacha biror tahririyatda oʻrnini topmasa, juda qiynaladi. Ammo ishlaydi degani, puli yetadi degani ham emas. Magistraturaga kirishim nafaqat meni, balki yangi oila aʼzolarimni ham Toshkentga kelishga undadi. Hozir hammamiz shu yerdamiz, yaxshi koʻrgan ishimiz, shaxsiy biznesimiz bor.
Poytaxtdagi shiddatli hayot, tezkorlik, yangilanishlar – hammasi imkoniyati haminqadar muhitdan kelganlarni hayratlantiradi. Shuning uchun xorijga ketib, yurtiga qaytib kela olmayotganlar yoki kelishni istamayotganlarining hayotini ham ularning halovati bilan bogʻlayman.
Kasbim nuqtayi nazaridan qaraganda tugʻilib oʻsgan joyimga poytaxtdan turib koʻproq yordamim tegadi. Agar tajribali shifokor, iqtisodchi yoki advokat boʻlganimda viloyatga qaytish haqida oʻylab koʻrgan boʻlardim. Ammo jurnalistikada viloyatdagilar ham najot istab toʻgʻridan-toʻgʻri Toshkentdagi OAVga murojaat qilishni maʼqul koʻradi.
Iroda Nasimova oilasi bilan
Foto: Shaxsiy arxivdan
Poytaxtda ulkan maqsadlar bilan yashayotgan yoshlar, talabalar, katta auditoriya bor. Ular bilan lokal muammolarga global miqyosda yechim topsa, global muammolarga lokal masshtabda yondashib nimalardir qilsa boʻladi. Masalan, Toshkentning bir paytlar yashil shahar boʻlgani va hozir qurib borayotgani bu bizning lokal muammoimiz. Ammo ijtimoiy tarmoqlar yoshlarlarning hayoti, oʻylari, kechinmalariga koʻzgu tutyapti.

Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Portret suratlar muallifi: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz». Materialda suhbatdoshlarning shaxsiy arxividagi fotosuratlardan ham foydalanilgan.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting