Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘z farzandi va ayolini ayovsiz kaltaklab keladigan sportchi otaga ham chora ko‘riladimi?» sarlavha ostida video va suratlar tarqaldi. Toshkent IIBB axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 23 mart kuni taxminan soat 17:00 larda 1990 yilda tug‘ilgan T. X. Toshkentning Yangihayot tumanida yashash xonadonida o‘zaro kelib chiqqan tortishuv sababli 28 yashar turmush o‘rtog‘i T. D.ni urgan. Natijada xotini tan jarohati olgan. 25 mart kuni esa 7 yoshli farzandini ham urib, tan jarohati yetkazgan.

Ushbu holat yuzasidan tuman IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 110-moddasi (Qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi T. X. protsessual tartibda ushlangan, tergov davom etmoqda.

Avvalroq, 36 yoshli xonanda Dilmurod Daliyev o‘zi bilan birga yashab yurgan ayolni o‘ldirganlikda gumonlanib, qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.