Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalardan qochishga yordam beradigan davlatlarga nisbatan cheklovchi choralarni joriy etish rejalarini muhokama qilmoqda. Bu haqda The Telegraph tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan maxfiy hujjatga tayanib xabar bermoqda.

Har qanday mamlakat, biznes yoki jismoniy shaxslarning Rossiyaga taqiqlangan tovarlarni reeksport qilgani haqida dalillar aniqlansa, ularning Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishi cheklanishi mumkin.

«Biz uchinchi mamlakatlardagi jismoniy va yuridik shaxslarga Rossiya harbiy va mudofaa-sanoat bazasiga moddiy yordam ko‘rsatish ularning YeI bozoriga kirishi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi haqida kuchli signal yuborishimiz kerak», — deyiladi maxfiy hujjatda.

Nashrning qayd etishicha, Rossiyadagi savdo oqimlarini kuzatayotgan rasmiylar va diplomatlar Yevropa Ittifoqi hamda Kremlning Markaziy Osiyodagi an’anaviy ittifoqchilari o‘rtasida iste’mol tovarlari savdosi sezilarli darajada oshganini payqashgan.

«Faolligi 60−80 foizga oshgan yangi yo‘nalishlar Rossiya tomonidan G‘arbning urush mashinasini falaj qilishga qaratilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun qo‘llanyapti, degan xavotirlar bor», — deya ta’kidlaydi The Telegraph.

«Ikki maqsadli texnologiyalar»

Yuborilgan tovarlarning aksariyati harbiy va fuqarolik maqsadlarida qo‘llaniladigan hamda Rossiyaga eksport qilinishi taqiqlangan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan «ikki maqsadli» texnologiyalarni o‘z ichiga oladi.

Gap asosan Yevropa Ittifoqidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga eksport qilinadigan kir yuvish mashinalari, eski avtomobillar va fotokameralar haqida bormoqda.

«Ko‘plab tovarlar demontaj qilinmoqda, yarimo‘tkazgichlar va boshqa komponentlar Ukrainada shikastlangan Rossiya tanklari, bronetransportyorlari va razvedkachi dronlarini tiklash uchun foydalanilmoqda, degan xavotir bor», — deb yozadi The Telegraph.

«Bu juda katta muammo, — dedi YeIdagi yuqori martabali diplomatik manba. — Sanksiyalar tuzilmasining katta qismi buzilmoqda».

Shu bilan birga, YeI rasmiylari eksport deklaratsiyasini faqat blokning tashqi chegarasigacha kuzatib borishlari mumkin, yuklar ko‘zdan g‘oyib bo‘lganidan so‘ng esa ular allaqachon Rossiyaga yetib borgan bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda.

Chegaralar

Yevropa Ittifoqidan chiqadigan tovarlarning aksariyati Litva bilan quruqlik chegarasi orqali Belorussiyaga jo‘natiladi va keyin Markaziy Osiyoga reeksport qilinadi. Polsha chegarani yopdi, lekin Litva va Belarus o‘rtasidagi o‘tish hali ham ochiq, deya ta’kidlaydi gazeta.

«Shaxsiy suhbatlarda Vilnyus Belarus bilan chegarasi orqali o‘tgan savdoning 97 foizi boshqa a’zo davlatlarga to‘g‘ri kelishidan shikoyat qildi. Sharqiy poytaxt Moskvaga yordam berayotgan davlatlarga savdo cheklovlari joriy etish rejasini ma’qullagan 19 a’zo davlat qatoriga kiradi.

Ushbu rejaga ko‘ra, Rossiya ittifoqchilariga qarshi sanksiyalarni kengaytirish bilan bir qatorda, Yevropa Ittifoqi birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik muzokaralar olib borishi, ularni oqibatlardan ogohlantirishi kerak.

G‘arb nashrlari o‘tgan yili Rossiya Qozog‘iston, O‘zbekiston va Armaniston bilan savdo hajmini keskin oshirganiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Mart oyida Bloomberg agentligi YeI ilg‘or Yevropa texnologiyalari va Rossiya Ukrainada harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa tovarlar importini keskin oshirgan mamlakatlarga murojaat qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Shap Turkiya, BAA, Qozog‘iston hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Bir hafta o‘tgach, Reuters agentligi so‘nggi haftalarda Rossiya kompaniyalari Qozog‘istondagi hamkorlariga sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun zarur tovarlarni import qilishda yordam so‘rab murojaat qilayotganini bildirdi. Gap turli mahsulotlar — telefonlar, elektronika, nodir metallar, bank kartalari uchun materiallarni yetkazib berish haqida bormoqda.

Yaqinda Financial Times gazetasi Qozog‘iston apreldan boshlab Rossiyaga reeksport qilish uchun mamlakat orqali o‘tadigan tovarlarni kuzatishni boshlashini yozdi. Bu chora-tadbirlar G‘arbning xorijiy kompaniya va shaxslarning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi fonida ko‘rilayotgani ta’kidlandi.