Vazirlar Mahkamasi mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish va sport maydonchalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Hujjat matni regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.

Prezidentning 2022 yildagi qarorida mahalla yoshlari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda hududida sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahalla terma jamoalari uchun stritbol, vorkaut va universal sport maydonchalarini qurib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra:

  • Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti mahallalarda sport maydonchalarini qurish loyihasini amalga oshirish doirasida buyurtmachi bo‘ladi;
  • bosh pudratchi etib Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 13-sonli jazoni ijro etish muassasasi;
  • moliyalashtiruvchi — Yoshlar siyosati va sport vazirligi hisoblanadi.

Har yili 1 martga qadar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari sport infratuzilmasi rivojlanmagan mahallalarda sport maydonchalarini qurish yuzasidan talabnomalarni shakllantirib, Yoshlar siyosati va sport vazirligiga topshiradi.

1 maydan vazirlik sport maydonchalari quriladigan mahallalar ro‘yxatini Qoraqalpog‘iston VK raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga topshiradi. Bu tashkilotlar 2 hafta muddatda qurilish uchun yer maydonlarini ajratish bo‘yicha qaror chiqaradi. Ushbu qaror nusxalarini vazirlikka beradi.

Agar belgilangan muddatda yer ajratilmasa, o‘sha hududda sport maydonchalarini barpo etish bekor qilinadi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi boshqa hududni tanlaydi. Vazirlik yer ajratilgani haqidagi qarorlarni yig‘ib, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga beradi.

Departament tomonidan tasdiqlangan manzilli dasturga asosan barpo etiladigan sport maydonchalarining loyiha smeta hujjatlari ikki hafta muddatda ishlab chiqilib, belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi va moliyalashtirish uchun Yoshlar siyosati va sport vazirligiga taqdim etadi.

Qurilish uchun mablag‘lar G‘aznachilik xizmati qo‘mitasidan Jazoni ijro etish departamentiga o‘tkaziladi. Bunda ish va xizmatlar bilan bog‘liq xarajatlar uchun 30 foiz miqdorida hamda tovar va jihozlar uchun 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.

Sport maydonchalarini loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar pudratchining boshqa xarajatlari hisobidan qoplanadi.