World Happiness Report 2023 baxtli mamlakatlar reytingining yangi nashri e’lon qilindi. O‘zbekiston ushbu reytingda 1 pog‘ona pastlab, 54 o‘rinni egalladi.

Hujjatni ishlab chiqishda ekspertlar asosan aholi daromadlari, sog‘liq, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandlik va korrupsiya darajasi kabi ko‘rsatkichlarni hisobga olgan. Bundan tashqari, reytingda mamlakatda fuqarolik erkinliklari, xavfsizlik va kelajakka ishonch hissi mavjudligi, shuningdek, oilalarning barqarorligi ko‘rsatkichlari ham inobatga olinadi.

Qayd etilishicha, 2023 yilda Finlyandiya ko‘rsatkichlar bo‘yicha boshqa davlatlarga qaraganda ancha ilgarilab ketgan. Skandinaviya mamlakatidan tashqari beshlikda Daniya, Islandiya, Isroil va Niderlandiya qayd etilgan.

Kuchli o‘nlikka Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya, Lyuksemburg va Yangi Zelandiya ham kirgan. Rossiya 70-o‘rinni, Ukraina esa 92-o‘rinni egallagan.

Shu bilan birga, Afg‘oniston (137-o‘rin) va Livan (136-o‘rin) dunyodagi eng baxtsiz davlatlar sifatida tan olingan.

Ma’lumot uchun, Finlyandiya oltinchi yildirki World Happiness Report reytingida yetakchilik qilmoqda. Kuchli uchlikning qolgan o‘rinlari ham o‘zgarishsiz qolgan (Daniya, Islandiya).

2023 yilgi reytingni tuzishda baxtlilik darajasi 2020−2022 yillardagi o‘rtacha 3 yillik ko‘rsatkichdan foydalangan holda aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston baxtli mamlakatlar reytingining 2017−2021 yillardagi hisobotida MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi bo‘lib kelayotgan edi. 2021 yilda O‘zbekiston 42 o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2022 yilgi reytingda Qozog‘iston O‘zbekistondan 13 pog‘ona yuqorilab (mos ravishda 40 va 53), MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu reytingda birinchi o‘rinni egallagan.

Besh yil davomida O‘zbekistonning reytingdagi pozitsiyasi 40 o‘rin atrofida shakllanib turgan.

World Happiness Report (Baxtiyorlik to‘g‘risidagi hisobot) BMTning barqaror rivojlanish yechimlarini izlash bo‘limi tomonidan har yili tuzib kelinadi. Ushbu hisobot va reyting 2012 yildan beri e’lon qilib kelinadi.