Tojikistonda 23 martga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan zilzilalar oqibatida 3 kishi jabrlandi, 60 dan ortiq chorva mollari nobud bo‘ldi, deb xabar berdi Tojikistonning Asia Plus nashri Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasiga tayanib.

Zilzila epitsentri bo‘lgan Tojikistonning So‘g‘d viloyati Ko‘histoni Mastchoh tumanida yashovchi ikki erkak va bir ayol yengil tan jarohati olgan. 14 ta qoramol, 52 ta qo‘y va 2 ta ot nobud bo‘lgan.

Rasht tumani Takoba qishloq fuqarolar yig‘inining Porvog‘, Duoba, Saridasht va Takoba qishloqlaridagi 27 ta turar joy binosi qisman shikastlangan — devorlarda yoriqlar paydo bo‘lgan.

Nurobod tumani Mehrobod hududi Tegirmi qishlog‘ida zilzila oqibatida 2 ta turar joy binosiga jiddiy zarar yetgan, 10 ta turar joy, 1 ta ta’lim muassasasi va tuman ijroiya hokimiyati binosi qisman zararlangan.

Sangvor tumani Farking qishlog‘ida bitta turar joy binosiga qisman shikast yetgan — devorlarda yoriqlar hosil bo‘lgan.

Turar joy binolari va xo‘jaliklarga yetgan zarar miqdori respublika va viloyat komissiyalari tomonidan aniqlanadi.

Avvalroq tunda sodir bo‘lgan zilzila epitsentriga yaqin joylashgan bir qancha qishloqlarda mahalliy aholining uylari va avtoyo‘llar qisman zarar ko‘rgani, biroq asosan poydevorsiz xo‘jalik inshootlari shikastlangani, odamlar oraasida qurbonlar qayd etilmagani haqida xabar bergan edik.