O‘zbekistonda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisda tegishli qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, hujjatni tasdiqlash uchun Senatga yubordi (video).

Deputat Gulruh A’zamova bugungi kunda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab muammolar yuzaga kelayotganini ta’kidladi. Jumladan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.

Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order muddati (30 kun) xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilish imkonini bermaydi. Aliment to‘lolmagan shaxslarga jazo sifatida jarima tayinlanishi yanada moddiy qiyinchiliklarga olib kelmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majburlash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish, voyaga yetmagan shaxs ishtirokidagi pornografik mahsulotni tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq jinoiy xatti-harakatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda.

Mazkur jinoyatlarni sodir etgan shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo‘llash taqiqlanmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka va erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik, shuningdek, ushbu jinoyatlarni jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish yoki unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan sodir etish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Yana bir muhim yangilik — oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha eng zamonaviy xalqaro normalar va xorijiy tajribadan kelib chiqib, jismoniy zo‘ravonlik bilan bir qatorda iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlik uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni, nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik, shahvoniy shilqimlik qilish, voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik kabi harakatlar uchun javobgarlik kiritilmoqda.

Aliment majburiyatlari bajarilishini ta’minlovchi chora sifatida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb qilish kabi yangi ma’muriy jazo chorasi kiritilmoqda.

Shu bilan birga ilgari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sport, ijodiy tashkilotlarda ishlashini taqiqlovchi norma kiritilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

maishiy zo‘ravonlik, оиладаги zo‘ravonlik, qonunчилик palatasi

Qonunni qabul qilishdagi qiyinchiliklar

Avval yozganimizdek (rus tilida), qonun loyihasi Adliya vazirligi hamda Senat huzuridagi fuqarolik jamiyati, OAV vakillari va blogerlardan iborat ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan.

Biroq Nemolchi.uz aksil-zo‘ravonlik loyihasi asoschisi Irini Matviyenko ishchi guruh tomonidan tayyorlangan «ilg‘or» hujjat Qonunchilik palatasiga taqdim etilganidan farq qilishini ma’lum qildi.

Birinchi o‘qishda deputatlar hujjatning «muqobil» variantini ma’qulladilar, biroq jamoatchilik tanqididan so‘ng, ishchi guruh bilan bir necha bor o‘zgartirish va qo‘shimchalarni muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston gender tengligi bo‘yicha komissiya a’zosi, prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva payshanba kuni qonunning qabul qilinishini olqishlab, uning asosi Senat huzurida tashkil etilgan faollar va ekspertlardan iborat ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgani, ular «loyihaning eng so‘ngi nuqtasiga qadar Qonunga kiritilayotgan bugungi kun uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgartirishlarni yoqlab himoya qilish»ganini ta’kidladi.

«Oiladagi zo‘ravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga o‘tkazildi, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirildi. Buni fuqarolik jamiyati va faollarning g‘alabasi deb bilaman. Sog‘lom fikr va adolatning g‘alabasi», — deb yozdi u.

«Biz ushbu muvaffaqiyatlar uchun uzoq va mashaqqatli harakatlarni amalga oshirdik, lekin qonunchiligimizda bu kabi o‘zgartirishlar zamon talablariga xos va insonparvarlik uchun o‘ta ahamiyatli ekanligini birgalikda isbotlay oldik», — dedi prezidentning qizi.

U oldinda bajarish lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘pligi, biroq muvaffaqiyat doimo ilhomlantirishini qayd etdi.