Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi ko‘p qavatli uyning fasad qismi yorilgani va bu zilzila bilan bog‘liqligi aytilgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida vazirlik tomonidan qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga tegishli so‘rov yuborilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Yashnobod tumanidagi ushbu (sobiq TAPOiCh chorrahasidagi uch qavatli ko‘prik yonida joylashgan) obyekt First Developing Group MCHJga tegishli.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, g‘isht ishlab chiqaruvchi Stone Brick korxonasi sifatsiz g‘isht mahsulotlari yetkazib berishi oqibatida mazkur holat yuzaga kelgan. Ayni kunda buyurtmachi tomonidan sud organlariga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida da’vo arizasi kiritilgan. Binoning fasad qismini ta’mirlash ishlari aprel oyida to‘liq yakunlanishi belgilab olingan.

Vazirlik, shuningdek, 1298 ishonch raqamiga ayni kunlarda zilzila oqibatida vayron bo‘lgan yoki zarar yetkazilgan binolar haqida murojaat kelib tushmaganini qo‘shimcha qildi.

FDG kompaniyasi holatga izoh berar ekan, Parkent Plaza turar joy majmuasi fasadidagi yoriqlar zilziladan oldin — 2020 va 2021 yillarda kuchli yomg‘irlar paytida paydo bo‘la boshlaganini va ular «ta’minotchi tomonidan yetkazib berilgan qoplama materiallarining sifatsizligi bilan bog‘liqligini» bildirdi.

«2021 yil oxirida kompaniyamiz Toshkent tumanlararo xo‘jalik sudiga sifatsiz materiallar yetkazib berish yuzasidan ta’minotchiga da’vo bilan murojaat qilgan. 4−1001−2120/25706-sonli ish bo‘yicha sud qarori bilan yetkazib beruvchining aybi tan olingan va 2023 yil aprel oyida ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, qoplamadagi nuqsonlar dekorativ xususiyatga ega bo‘lib, asosiy tuzilmalarning ishonchliligi bilan bog‘liq emas.

«Bizning jamoamiz 2023 yil fevral oyida katta maqolada tuzilmalar ishonchliligi haqida batafsil ma’lumot berdi. Bizning turar joy majmualar qurilish standartlariga, ayniqsa, seysmik mustahkamlik talablariga javob beradi. Bugun Kun.uz, Xabardor.uz, Sevimli TV, Zo‘r TV kabi ommaviy axborot vositalari Parkent Plaza TJMga tashrif buyurib, bunga amin bo‘lishdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi va Yashnobod tumani hokimligi tezkor munosabat bildirib, obyekt tekshiruvini o‘tkazishdi», — deyiladi kompaniya xabarida.