O‘zbekiston va Malayziya islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash doirasida hamkorlik qiladi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziya oliy ta’lim vaziri Mohamed Xalid Nordin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning istiqbollari, shu jumladan, Malayziyaning ilg‘or Islom moliyasi bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Mohamed Xalid Nordin Malayziyani ikki davlat o‘rtasidagi madaniyat va bilim tizimlari ko‘priklarini yanada kengaytirish va mustahkamlashdan tarafdor ekanini ta’kidladi.

«Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama do‘stona munosabatlar azaldan rivojlanib kelmoqda. Malayziya tomoni oliy ta’lim sohasida ikki davlat uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan har qanday hamkorlikni, ayniqsa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Mohamed Xalid Nordin.

Xorijiy tomon O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi (BMA) va Malayziya Yutara universiteti huzuridagi Islom biznes maktabi o‘rtasidagi respublikada islom moliyasini rivojlantirish va ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘rnatilgan hamkorlikni olqishladi.

Uchrashuv yakunida 2023 yilning iyun oyida Malayziya Yutara universiteti huzuridagi Islom biznes maktabi delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirish va respublika mutaxassislari uchun seminar hamda treninglar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.