Prezidentning 23 martdagi qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimani ixtiyoriy to‘lash tizimi soddalashtiriladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yangi tizimga ko‘ra:

  • huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.
  • Bu tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2020 yil martda imzolagan qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirilgan.

Unga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

O‘shanda soddalashtirilgan tartib ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun sud tomonidan jarima solinganda amal qilmasligi ko‘rsatib o‘tilgandi.