Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda komissiya «Gazeta.uz» xabar berdi.

«O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi referendum tayinlash to‘g‘risidagi qaror e’lon qilinganidan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘n kundan kechikmay komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz — o‘n sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuziladi.

Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari a’zoligiga nomzodlar dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida atroflicha muhokama qilindi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etildi.

Ushbu tavsiyalarga asoslangan holda hamda qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi majlisida referendum o‘tkazuvchi 14 ta okrug komissiyalarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va ularning tarkiblari tasdiqlandi.

Qonunga muvofiq okrug komissiyalari tarkibiga saylovlar hamda referendum o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar, shu jumladan huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, jurnalistlar va boshqa kasb vakillari kiritilgan.

Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari jami 266 nafar a’zodan iborat bo‘lib, shulardan ayollar 112 nafarni, ya’ni 42 foizni tashkil etadi. Okrug komissiyalari rahbar (rais, rais o‘rinbosari va kotib) lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Ilk bor okrug komissiyalari raisligiga ikki nafar ayol tasdiqlandi.

Okrug komissiyalari tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxslar 5 foizni tashkil etmoqda. Komissiyalar a’zolarining 6,0 foizi yoshlar vakillari, 58,3 foizi 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardan iborat.

Shuningdek, majlisda saylov yoki referendum uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmatni joriy etish hamda komissiya huzuridagi tezkor axborot berish markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama etildi.

Referendum jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda referendumda ovoz beruvchi fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali referendum uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibini joriy etish choralari belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tezkor va samarali ko‘rib chiqish, fuqarolarga referendumni o‘tkazishga oid masalalar yuzasidan tezkor hamda qulay tarzda huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish, ularning referendum qonunchiligi bo‘yicha xabardorlik darajasini, huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etildi.

Kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalar Markaziy saylov komissiyasi a’zolari tomonidan keng muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

«O‘zbekiston Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha respublika referendumi 2023 yil 30 aprel — yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilandi. Muddatidan oldin ovoz berishni istaganlar 19−26 aprel kunlari jarayonda qatnashishlari mumkin.