2023 yilning fevral oyida O‘zbekistonga Shveysariyadan 86,5 mln dollarlik samolyot olib kelindi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonga jami 719,6 mln dollarlik 14 ta samolyot keltirildi:

  • Germaniya — 6 dona (421,7 mln dollar);
  • Litva — 4 dona (66,7 mln dollar);
  • Shveysariya — 1 dona (86,5 mln dollar);
  • Fransiya — 1 dona (64,3 mln dollar);
  • Singapur — 1 dona (61,6 mln dollar);
  • Buyuk Britaniya — 1 dona (18,8 mln dollar).

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 5 ta Airbus A321−253nx, 3 ta Airbus A320−200neo, 2 ta Airbus A320−232, 2 ta Boeing-737, 1 ta Dassault Falcon biznes-jeti olib kelingan.

Germaniyadan havo kemalari importining o‘sishi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining 3 baravardan ko‘proq, ya’ni 573 mln dollargacha o‘sishini ta’minladi, O‘zbekistondan Germaniyaga eksport qilingan mahsulotlar 11 mln dollarni, import esa 562 mln dollarni tashkil etdi.

2022 yilning noyabr oyida O‘zbekiston va Fransiya 17 ta samolyot — «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi uchun 12 ta Airbus va yangi Silk Avia aviakompaniyasi uchun beshta Fransiya-Italiya ATR sotib olishga kelishib olgandi. Shartnomalar summasi 794,3 mln yevroga baholangan.

Milliy aviakompaniya Airbus bilan yakuniy shartnomani yanvar oyida imzolagan. Kompaniya hozirgi 17 ta A320 oilaviy samolyotiga qo‘shimcha ravishda sakkizta A320neo va to‘rtta A321neo sotib oladi.

Bundan tashqari, ikkita Airbus A320−232 yangi xususiy yo‘lovchi aviakompaniyasi Centrum Air tomonidan sotib olindi. Samolyotlar 18 yanvar kuni kechqurun Vilnyusdan Toshkent aeroportiga yetib kelgan.

O‘zbekiston, shuningdek, Braziliyaning Embraer kompaniyasining qisqa va o‘rta masofaga uchuvchi samolyotlarini ham xarid qilmoqchi. Xususan, E195-E2 samolyotlari Embraer tomonidan jahon bozorida amalga oshirilayotgan maxsus reklama dasturi doirasida iyun oyida xarid qilinadi.

Shuningdek, Uzbekistan Airports 21 mart kuni Silk Avia aviakompaniyasining ilk samolyoti Toshkentga yetib kelgani haqida xabar bergandi.