Navro‘z — O‘zbekistonda keng nishonlanadigan umumxalq bayramlaridan biri. O‘zbekistonliklar ketma-ket besh kun dam oladigan uchta bayram bo‘lsa, shulardan biri ham Navro‘zdir. Lekin mamlakatning so‘nggi bir asrlik tarixida har doim ham bunday bo‘lmagan va hatto ma’lum bir vaqt uni davlat darajasida taqiqlashga ham harakatlar bo‘lgan. O‘zbekistonda Navro‘z 1990 yildan haqiqiy ma’noda umumxalq bayramiga aylangan.

«Gazeta.uz» 1991−2011 yillarda Toshkentda tashkil etilgan asosiy Mustaqillik va Navro‘z bayramlari rejissyori Rustam Hamidov va 1991−2001 yillardagi asosiy davlat bayramlari tashkilotchilaridan biri hisoblangan Usmon Qoraboyev bilan suhbatlashib, davlat darajasidagi dastlabki Navro‘z tantanalari qanday o‘tgani va birinchi prezident Islom Karimovning bu bayramga munosabati qanday bo‘lgani haqida ma’lumot oldi.

Taqiqlangan Navro‘z

Sovet davrida Navro‘zga munosabat o‘zgarib turgan. Masalan, sovet hokimiyati ilk o‘rnatilgan va «Din — afyundir» deya dinga qarshi faol tashviqot olib borilgan davrlarda milliy bayram hisoblangan Navro‘zga ham «diniy bayram» sifatida baho berilib, u eskilik sarqiti sifatida qoralangan. Keyinroq, Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng esa vaziyat biror mo‘’tadillashib, umumrespublika miqyosida bo‘lmasa ham, ayrim hududlarda bayram munosabati bilan sayillar, tantanalar, xalq o‘yinlari uyushtirilgan. Bayramshunos Usmon Qoraboyev «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda sovet davrida shaxsan o‘zi Urgut, Forish kabi tumanlarda tashkil etilgan shunday shodiyonalarda qatnashganini ta’kidlaydi.

Usmon Qoraboyev prezident Islom Karimov bilan. Foto: Usmon Qoraboyevning shaxsiy arxividanUsmon Qoraboyev prezident Islom Karimov bilan. Foto: Usmon Qoraboyevning shaxsiy arxividan

Ammo 1980 yillarda boshlangan «qayta qurish» davrida Navro‘zni taqiqlashga rostmana harakat boshlangan. «Afsuski, ko‘p joylarda sumalak qilinayotgan doshqozonlarni ag‘darib yuborish holatlari ham kuzatilgan. Sallani olib kel desa kallani oladigan kadrlar ko‘p edi. Esimda, 1986−1988 yillarda Navro‘zga qarshi qattiq kurash olib borilgan. Navro‘zni yo‘q qilib, uning o‘rniga boshqa („Navbahor“ nomli) bayramni joriy etish g‘oyasi ilgari surilgan», — deydi bayramlar bo‘yicha mutaxassis.

1987 yili Toshkentda «Milliy sotsialistik urf-odatlar hayotga» mavzusida butunittifoq konferensiyasi o‘tkazilgan. Usmon Qoraboyev o‘sha tadbir ma’lum darajada madaniy jangga aylanib ketganini xotirlarkan, boshqa respublikalardan, ayniqsa, Moskvadan kelgan delegatlarning aksariyati xalq bayramiga qarshi nutq so‘zlagani, O‘zbekiston Kompartiyasiing mafkura bo‘yicha mas’ullari esa aholidan Navro‘zga qarshi ko‘plab xatlar kelib tushayotganini ta’kidlaganini tilga oladi.

«O‘shanda biznikilar ham so‘zga chiqib, Navro‘zni taqiqlamaslikni talab qilib, bu diniy bayram emasligini ta’kidlagan», — deydi Usmon Qoraboyev. Konferensiyadan so‘ng u va boshqa bir qancha mutaxassislar O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga borib, u yerda akademiya vitse-prezidenti Erkin Yusupov bilan Navro‘z masalasida suhbatlashgan. Suhbat davomida Yusupov bu masala bo‘yicha diniy qo‘mitaga xat yozgani, qo‘mita «Navro‘z — diniy bayram emas», deya javob berganini, o‘sha xat va mutaxassislarning fikrlarini jamlab, hukumatga murojaat qilishini, bu masalani shundoq qoldirib bo‘lmasligini aytgan.

«Shundan keyin bu jarayon qanday va qay darajada kechganidan xabarim yo‘q. Bilganim shuki, 1989 yildan rahbariyatning Navro‘zga nisbatan munosabati biroz yumshab, ijobiy tomonga o‘zgargan», — deb eslaydi bayramshunos Qoraboyev.

Lenin maydonida o‘tgan birinchi Navro‘z

O‘zbekiston rahbariyati Navro‘zga respublikaga Islom Karimov rahbar bo‘lgach katta ahamiyat qarata boshladi, deb hisoblaydi Usmon Qoraboyev. «Bu xalqning qadriyati va ishonchini tiklash degan gap edi», — deydi u.

1990 yili Navro‘z nafaqat chekka hududlarda, balki Toshkentda ham keng nishonlangan. «Poytaxtning Xadra, Beshyog‘och, Ko‘kcha kabi o‘nlab gavjum joylarda, katta-katta maydonlarda sayil-konsertlar uyushtirilgan, turli qiziqarli o‘yinlar namoyish etilgan. Xadradan yo‘lga chiqqan karvon Xalqlar do‘stligi saroyigacha o‘yin-kulgi qilib ketgan. Juda qiziq va fayzli tadbir bo‘lgandi», — deydi Qoraboyev. Televideniyeda kun davomida Navro‘z telemarafoni to‘xtamagan.

Oradan bir necha oy o‘tib, 1990 yil 3 may kuni Islom Karimov Navro‘zni umumxalq bayrami, 21 martni esa dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Aynan shu farmon asosida kelasi yili — 1991 yilning 21 mart kuni Toshkentda ilk bor asosiy Navro‘z tantanalari tashkillashtirilgan. «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 1991 yil 23 mart sonida berilgan xabarga ko‘ra, tadbir «O‘zbekiston poytaxtining yuragi bo‘lgan Lenin nomli markaziy maydon» (hozirgi Mustaqillik maydoni)da o‘tkazilgan.

«Sovet davrida ikkita katta bayram bo‘lardi: 1 may — Mehnatkashlar kuni va 7 noyabr — Inqilob kuni. O‘zbekiston hali mustaqil deb e’lon qilinmagan vaqtda Lenin maydonida birinchi Navro‘z bayramini o‘tkazdik. Bungacha ko‘plab spektakllarni sahnalashtirgan, xorijda o‘tgan O‘zbekiston san’ati va madaniyati kunlari va boshqa ommaviy tadbirlarda rejissyorlik qilganman. Ammo respublika rahbariyati ishtirokida ilk bor nishonlangan Navro‘zda „tadbir qanday o‘tarkin?“ degan xavotir bo‘lgan, albatta. Jiddiy tayyorgarlik ko‘rganmiz», — deydi birinchi bayram rejissyori Rustam Hamidov.

Usmon Qoraboyev ham o‘shanda hayajon juda kuchli bo‘lganini ta’kidlaydi. «O‘sha bayramda ssenariy guruhi rahbari edim. Bosh tomoshada koinot va tabiat qonunlari asosida quyoshning Hamal burjiga kirishi, bahorgi kun bilan tun tengligi, tabiatning jonlanishi, dalalarda ish boshlanishiga oid g‘oyalar o‘z aksini topgan. Dekoratsiya uchun turli variantlar ishlab chiqilgan va oxiri Toshkentning 12 darvozasini qurish hamda qadimgi shahar ramzini yaratishga qaror qilganmiz. Tomosha boshida maydonga Gul, Navro‘z, Bahoroy, Dehqon bobo kabi ramziy hamda Beruniy, Navoiy kabi kabi tarixiy siymolar, san’atkorlar, sozandalar va karvonlar turli darvozlardan kirib kelgan», — deydi u.

Bayram o‘sha vaqtlarda Hindiston, Braziliya, Xitoy kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan ommaviy tadbirlar kabi karnaval tarzida, teatrlashtirilgan ko‘rinishda o‘tkazilgan. «Bayram bahona sovet davrida unutilgan ko‘plab an’analarni tiklashni maqsad qilib, tadbir dasturiga xalq og‘zaki ijodi, eski janrlarni kiritishga harakat qilganmiz», — deydi rejissyor Hamidov. Birinchi bayram uchun ovoz kuchaytirish va yoritish uskunalari Rossiyadan ijaraga olib kelingan. Bayram oxirida chetdan ijaraga olib kelingan ikkita katta va yuzlab kichik sharlar havoga ko‘tarilgan.

«Islom Karimov Navro‘zni yaxshi ko‘rishiga o‘sha kuni ham guvoh bo‘lganmiz. Chunki men va rejissyor Rustam Hamidovdan „tadbirni tezroq boshlamaysizlarmi?“, „katta sharlar qachon uchiriladi?“, deb so‘ragani haligacha esimda. Tadbirni katta hayajon bilan kuzatgan. Ammo nutq so‘zlamagan. Navro‘zda nutq bilan chiqib, tabrik yo‘llash 2−3 yildan keyin an’anaga aylangandi», — deydi Usmon Qoraboyev.

Tantana soat 10:00 da boshlanib, ikki soatcha davom etgan. Prezident Karimov Lenin haykali poyida shuncha vaqt respublikaning boshqa rahbarlari bilan birga tik turganicha, bayramni oxirigacha tomosha qilgan. «U tadbirdan so‘ng biz, tashkilotchilar bilan qisqa suhbatlashib, Navro‘z tiklangani, bayram zo‘r o‘tganini aytib, xursandligini bildirgandi. Shundan beri Navro‘z O‘zbekistonda asosiy bayramlardan biri, har yili katta tantanalar bilan nishonlanyapti», — deydi bayramshunos.

«Sovet O‘zbekistoni»dagi xabarda qo‘shimcha qilinishicha, tadbirdan so‘ng prezident Karimov «shu kuni toshkentliklar ko‘p marta uchrashgan», «jumhuriyatning boshqa rahbarlari bilan birga Navro‘zda ko‘chat o‘tqazishdek ko‘hna an’anaga ko‘ra Akmal Ikromov (hozirgi Uchtepa) nohiyasida nav-nihollar o‘tqazgan».

Oq fotiha va «kelin salom»

Prezident Islom Karimov MDH davlat rahbarlarining Kiyevdagi majlisiga jo‘nab ketgani bois Toshkentda tashkillashtirilgan 1992 yilgi asosiy Navro‘z tantanalarida qatnasha olmagan. Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da bo‘lib o‘tgan bayramda bosh vazir o‘rinbosari Erkin Samandar prezident tabrigini o‘qib eshittirgan, Toshkent hokimi Adhambek Fozilbekov poytaxt aholisi va mehmonlarini bayram bilan qutlagan.

Mustaqillik yillarida prezident Islom Karimov ishtirokidagi ilk Navro‘z bayrami 1993 yilda bo‘lib o‘tgan — o‘shanda tantanalar Xalqlar do‘stligi san’at saroyi oldidagi maydonda tashkil etilgan. Tadbir boshida O‘zbekiston xalq artisti Orif Alimaxsumov so‘zga chiqib, oq fotiha bergan va barchani bayram bilan qutlagan. Islom Karimov so‘zga chiqmagan.

Xalqlar do‘stligi maydonining yon taraflarida xalq o‘yinlari, qiziqarli musobaqalar, tortishuvlar, dorboz, polvon va masxarabozlarning chiqishlari o‘tkazilgan, milliy marosimlar namoyish etilgan. Markaziy sahnada esa teatrlashtirilgan tomoshalar qo‘yilgan. Ana shunday tomoshalarda Surxondaryoning «Boysun», Andijonning «Sumalak», Samarqandning «Beshqarsak», Buxoroning «Nozanin» ansambllari xalq an’analari, o‘yin va tomoshalarini sahnada ko‘rsatgan.

«Bayram dasturi bo‘yicha bolalar maydonda qo‘shiq aytib, raqs tushgan. Qo‘shiq ijro etayotgan qizaloq gul ko‘tarib, rahbariyat o‘tirgan joyga borgan. U Islom Abdug‘aniyevichga qo‘lidagi gulni bermoqchi bo‘lganida, prezident qizchani ko‘tarib olgan. Islom Karimov juda bolajon odam edi. Tadbirda bir qancha qizchalarni ko‘tarib, ularning qo‘lidagi gullarini olgan», — deydi Usmon Qoraboyev.

«Xalq so‘zi» gazetasining 1993 yil 23 mart sonidan«Xalq so‘zi» gazetasining 1993 yil 23 mart sonidan

Bayramga shu kuni nikoh to‘yi bo‘layotgan kelin-kuyovlar ham taklif etilgan. Ularni bayramning Ona tabiat, Navro‘zbek va Gulbahor kabi ramziy qahramonlari qutlab, baxt tilagan. Bayramshunos Usmon Qoraboyevning qo‘shimcha qilishicha, mana shu marosimlar orasida «kelin salom» marosimi ham o‘tkazilgan. Milliy liboslardagi momolar O‘zbekiston rahbariyati o‘tirgan joyga borib, non va sumalak ulashgan, isiriq tutatgan va ularning har biriga, xususan, prezident Islom Karimovga ham «kelin salom» qilingan.

ислом каримов, navрo‘z

Rejissyor Rustam Hamidovning ta’kidlashicha, Navro‘zning davlat darajasida o‘tkazilishi mas’uliyatni juda oshirardi. «Ko‘p izlanardik, uzoq-uzoq hududlarga chiqib, talantlarni qidirardik. Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Jumaniyoz Jabborov, Mirsodiq Tojiyev, Mustafo Bafoyev, Anor Nazarov singari professional shoir va kompozitorlar bilan hamkorlikda puxta asarlar yaratardik», — deydi u.

«Respublikadagi iste’dodli yoshlarni yuzaga chiqarish maqsadida bir qancha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilardi. Vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar, raqslar va boshqa yo‘nalishlarda tashkil etilgan tanlovlarda ko‘plab yigit-qizlar kashf etilardi. Ana shunday bahslarda qatnashib, g‘olib yoki sovrindor bo‘lganlarni Navro‘z, Mustaqillik kabi davlat bayramlarida ham katta sahnalarga olib chiqardik», — deydi rejissyor.

Rustam Hamidov.Rustam Hamidov.

«Shuningdek, viloyatlardagi madaniyat klublarida kastinglar uyushtirilardi, hakamlik qilish uchun Toshkentdan mutaxassislar yuborardik. Ular madaniyat uylari rahbarlari bilan iste’dodli havaskor xonanda, sozanda va raqqosalarni tanlab, olib kelardi. Bu yerda ular bilan professional san’at vakillari bir oy davomida shug‘ullanardi, bu esa havaskorlarga maktab ham bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qildi Rustam Hamidov.

Fotosuratlar O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi va Islom Karimov fondidan olindi.

Tuzatish: Maqolaning birinchi tahririda 1993 yilgi Navro‘z tantanalari tafsilotlari xatolik sabab 1992 yilgi bayram tafsilotlari sifatida bayon qilingan edi. Bu xatolik uchun mushtariylardan uzr so‘raymiz. YouTube’dagi Islam Karimov kanalidan olingan va maqolada foydalanilgan bir yarim soatlik videoda ham aslida 1993 yilgi bayram ko‘rsatilgan. 1993 yilgi bayram «Mustaqil O‘zbekistonda ilk Navro‘z bayrami» emas, balki mustaqil O‘zbekistonda prezident Islom Karimov ishtirokida bo‘lib o‘tgan ilk Navro‘z bayramidir.