18 mart kuni Supa-Zomin yo‘lida prokuratura xodimlari ketayotgan avtomobil yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, hodisa soat taxminan 23.00larda sodir bo‘lgan.

Zomin tumani prokurorining yordamchisi lavozimida ish o‘rganuvchi E. K. boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashinada harakatlanib kelib, yo‘lning o‘ng chetidagi daraxtga urilishi oqibatida YTH sodir etilgan.

Oqibatda, E. K. va avtomashina salonida bo‘lgan Zomin tumani prokuraturasi ish yurituvchisi A. Q. olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan, tuman prokuraturasi tergovchisi D. Z. tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan 19 mart kuni viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.