Ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarning tamagirlik qilayotgani tasvirlangan video tarqaldi va bu keskin e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, holat Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani tibbiyot birlashmasida kuzatilgan.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni zudlik bilan o‘z nazoratiga olib, zarur chora-tadbirlarni belgiladi. Xususan, tug‘uruq bo‘limi akusher-ginekologi X. G. va doya N. N. ishdan bo‘shatilib, to‘plangan dastlabki hujjatlar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi», — deyiladi vazirlik axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda holat yuzasidan vazirlik va huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Uning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

«Eslatib o‘tamiz, vazirlik tizimda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladi va bu boradagi hech bir murojaatni e’tibordan chetda qoldirmaydi», deya aholiga murojaat bilan chiqdi SSV matbut xizmati.

Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning (+998−91) 403−17−73 shaxsiy telefon raqami orqali sohadagi korrupsiyaviy holatlar yuzasidan aniq fakt va dalillarga asoslangan murojaatlar qabul qilinmoqda. Qolaversa, vazirlik qoshida kunu tun «1003» qisqa raqamli «Sall-markaz», Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi va viloyatlar boshqarmalari qoshida «1103» qisqa raqamli «Sall-markaz»lar ishlayotgani eslatib o‘tildi.

Avvalroq, sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning Farg‘onada tibbiyot xodimlari va OAV vakillari bilan uchrashuvda «bemorga mehr bilan yondashsangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga berib ketadi» mazmunida aytgan so‘zlari tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi munosabat bildirdi. Jamoatchilik kengashiga ko‘ra, bu mamlakat siyosatiga zid harakat va tizimga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi.