So‘nggi haftalarda Rossiya kompaniyalari G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish maqsadida qozog‘istonlik hamkorlariga eng zarur tovarlarni import qilishda yordam so‘rovlari bilan ko‘mib tashladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Agentlikka nomini oshkor qilishni istamagan yetti manbaning ma’lum qilishicha, ular Qozog‘istonning Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasi orqali podshipniklar va samolyot qismlaridan tortib, nodir metallargacha bo‘lgan barcha narsalarni olib o‘tishda yordam so‘rab Rossiyadan so‘rovlar ko‘payganiga guvooh bo‘lishgan.

Ulardan ikki nafari so‘rovlar ko‘payishini Turkiyaning Rossiyaga sanksiyalar tranzitini to‘xtatgani bilan izohladi. Boshqalar esa G‘arbning yangi sanksiyalariga ishora qilishmoqda.

Qozog‘istonlik tadbirkorlardan birining aytishicha, unga Avstraliyadan yuk mashinasi yuklangan nodir metallarni olib o‘tishda yordam berish uchun 1 mln dollar taklif qilingan.

Ruslar juda katta xarid ro‘yxatiga ega, deydi manbalar, bu ro‘yxat sanoat uskunalari, temir yo‘l podshipniklari, ilg‘or elektronika, radiotexnika, turbinalar, samolyot qismlari, xomashyo va hattoki bank kartalari uchun materiallardan tarkib topgan. Ba’zi rus firmalari sanksiyalangan tovarlarni yetkazib berish uchun uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilishgan.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken shu oy mintaqaga qilgan tashrifi chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlarini sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, buning zararini qoplashda yordamlashishga va’da berdi. Ammo Blinkenning tashrifi arafasida jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lgan markaziy osiyolik rasmiyning aytishicha, hukumatlar savdogarlarning Rossiyaga tovarlarni reeksport qilishini to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘ra olmaydi, deb yozadi Reuters.

Rossiya Qozog‘istonning eng yirik savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Qozog‘istonning Rossiyaga eksporti o‘tgan yili chorak barobarga o‘sdi va 8,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, podshipniklar eksporti ikki baravar ko‘payib, 111 mln dollarni tashkil etdi.

Rossiyada ishlab chiqarish yoki yetkazib berishda muammolar yuzaga kelayotgan plastik quvurlarning ayrim turlari eksporti o‘tgan yili uch barobardan ko‘proqqa oshib, 12 mln dollarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, Qozog‘iston Yevropa davlatlari va Tayvandan kompyuterlar importini keskin oshirdi. Bunda ularning qanchasi keyinchalik Rossiyaga reeksport qilingani noma’lum. Manbalarga ko‘ra, bunday holatlarda qariyb hech qanday qonun buzilmaydi. Ko‘pincha murakkab mahsulotlar sanksiyaga kiritilgan komponentlarni o‘z ichiga oladi, biroq ularning o‘zlari taqiqlanmagan. Savdo hajmi oshgani sababli qozoq bojxonasi to‘lib ketgan, deya qo‘shimcha qildi ular. Yana bir manbaning aytishicha, Rossiya banklari bank kartalarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va plastmassalarni Qozog‘iston orqali import qilmoqda.

Biroq bu biznes qo‘shimcha xarajatlar bilan birga keladi. Rossiyaga tovarlarni qayta sotayotgan qozog‘istonlik ishbilarmonlar odatda 12% QQSni qaytarib olish huquqiga ega, biroq «shubhali narsalarni» olib o‘tayotganlar butun ta’minot zanjirini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun bunga murojaat qilmaydi, dedi tadbirkorlardan biri.

Avvalroq YeI ilg‘or Yevropa texnologiyalari va Rossiya Ukrainada harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa tovarlar importini keskin oshirgan davlatlarga murojaat qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik. Turkiya, BAA, Qozog‘iston va Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari haqida gapirish mumkin.