Shavkat Mirziyoyev «Yangi Toshkent» loyihasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida nutq so‘zlamoqda, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bugungi kunda poytaxtda yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 millionni tashkil qiladi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yana ko‘payishi kutilmoqda. Shaharda yiliga 20 mingdan ziyod kvartirali ko‘p qavatli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga talab bor.

«Shuning uchun poytaxtning barqaror rivojlanishini o‘ylab, kamida 15−20 yil oldin rejalarimizni aniq belgilab olishimiz zarur», — dedi davlatimiz rahbari.

Shularni inobatga olib, Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy va Turkiyalik mutaxassislar bilan Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi ishlab chiqildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining chegaradosh tumanlari hisobidan poytaxt hududini bosqichma-bosqich kengaytirib, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida «Yangi Toshkent» loyihasini amalga oshirish maqsad qilib olindi.

Bu loyihani amalga oshirish uchun tanlab olingan hudud dengiz sathidan 500 metr baland bo‘lib, shaharga yaqinligi, o‘z iqlimi, bahavoligi va ikki daryo o‘rtasida joylashgani bilan ajralib turadi.

Hozirgi Toshkent 43 ming gektar xududni egallaydi. «Yangi Toshkent» loyihasi doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan ta’minlanadi.

Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi.

Yangi O‘zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi. Bosqichma-bosqich davlat idoralari ham Yangi Toshkentga ko‘chib boradi.

Ularning hozirgi binolari o‘rnida mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va savdo obyektlari ochilib, Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylanadi.

Shuningdek, Yangi Toshkentda metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi.

Bunda, yashil va xavfsiz shahar tamoyili asosida piyodalar va velosipedlarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda 100 ming avtomobil uchun yerosti turargohlari quriladi.

Avtomobil qatnovi uchun 14 ta zamonaviy tunnel hamda Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda ilk bor uch-generatsiya stansiyasi quriladi. Ya’ni bu stansiya orqali elektr ishlab chiqariladi, binolar kuz-qishda isitiladi, yozda esa sovitiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.

Innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT park, ta’lim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, «Toshkentning yashil belbog‘i» loyihasi Yangi Toshkent hududidan boshlanadi. Bunda 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 31 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining ochilish marosimida «Yangi Toshkent» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

«Sekin-sekin Toshkentdan Toshkent viloyatiga qarab ketyapmiz. Bahavo joylarga qarab ketyapmiz. Biz sekin-sekin «Yangi Toshkent»ni quramiz. Lekin yangi bahavo joyda bo‘ladi. Bu tomonga qarab, mana shu odamlarimizni o‘rgatib, katta loyiha ustida anchadan beri ishlayapmiz», — degandi davlat rahbari.