15 martdan O‘zbekistonda piyoz narxi barqarorlashgani sababli uning eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov bekor qilindi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Kuzatilgan anomal sovuq kunlarda ochiq rastalarda saqlanayotgan piyoz muzlab qolgani, yonilg‘i yetishmasligi sababli yetkazib berishdagi uzilishlar ortidan narxlar oshgandi. Shundan so‘ng mamlakatda ushbu mahsulotni chetga sotish 4 oyga to‘xtatilgan.

Ichki iste’mol bozor narxini arzonlashtirish, aholining iste’mol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda 2023 yilning 1 yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatildi, — deb xabar bergandi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Surxondaryo va Qashqadaryoda ekilgan ertapishar urug‘ rejadagidek unib, hosil bersa, bu boradagi taqchillik yuzaga kelmasligi va aholi talabi to‘liq qoplanishi bo‘yicha hisob-kitoblar mavjud ekani qayd etilgan o‘shanda.

Fevral oyida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 0,54 foizni tashkil etgan — bu so‘nggi 5 yildagi eng past ko‘rsatkichlardan biri. Sabzavot va mevalar orasida piyoz eng ko‘p fevral oyida — 9,8 foizga qimmatlashgan (12 oy ichida 3 barobar). Bu anomal sovuq va piyoz zaxiralarining bir qismi yo‘qotilishi (muzlab qolgani) bilan bog‘liq.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston so‘ng Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham piyoz eksportini cheklab qo‘ygan edi. Qirg‘iziston esa piyoz va sarimsoq eksportiga qo‘yilgan taqiqni muddatidan oldin (3 martda) bekor qilgan.