O‘zgidromet xizmati agentligi 17−21 mart kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Shanba kuni respublikaning janubi-g‘arbiy hududlariga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan kelayotgan siklon bilan bog‘liq bulutli massivlar kirib kela boshlaydi. O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi.

Faqat Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarining ba’zi joylarida biroz yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq ham bo‘lishi mumkin.

Yakshanba va dushanba kunlari respublika hududi bo‘yicha nam siklon o‘tishida beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Aksariyat viloyatlarning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 20 mart kuni yomg‘ir yog‘adi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Mamlakatning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli bo‘ladi. Ushbu kunlarda havo harorati nisbatan pasayadi va +17…+20 darajani tashkil etadi. 17−19 martda respublikaning ayrim hududlarida shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

21 mart — Navro‘z bayrami kuni kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi. Harorat yana +22…+25 darajaga ko‘tariladi.

17−21 mart kunlari Toshkent, Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida 2000 metrdan yuqorida qor ko‘chishi xavfi bor.

Toshkent shahrida yakshanba kuni kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 5−10 m/s tezlikda esishi saqlanib turadi, 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kechasi +8…+10 daraja, kunduzi +20…+22 daraja bo‘ladi.

Dushanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi +8…+10 daraja, kunduzi +17…+19 daraja bo‘ladi.