Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi «Dovut-ota» chegara postida bojxonachilar Rossiyadan O‘zbekistonga kirib kelayotgan ikkita avtomashinani ko‘zdan kechirish chog‘ida gazli va pnevmatik qurollar topildi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Cadillac avtomobilini tekshirish davomida Rossiya fuqarosi bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi taqdim qilinmagan 1 dona gazli to‘pponcha, 9 dona to‘pponchaning gaz ballonlari, 1050 dona «Vistrel kalibr 4,5 mm» nomli droblar va 2 dona gazli to‘pponcha uchun kaburalarni o‘z ehtiyoji uchun olib kelayotgani aniqlandi.

Xuddi shunday yana bir holatda, «Dovut-ota» chegara bojxona posti orqali Rossiyadan kirib kelgan Ford mashinasida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan MCHJlarning birining nomiga olib kelinayotgan halqaro kurerlik jo‘natmalari bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazildi.

Natijada esa kuzatuv hujjatlarida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan oq rangli poliyetilen qop ichida avval foydalanilgan 1 dona qora rangli «4,5 mm (VV KAL)» yozuvli pnevmatik to‘pponcha borligi aniqlandi.

россия, pnevmatik qurollar, to‘pponcha, bojxona

Qonunchilik talablariga ko‘ra, fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish va hududi orqali tranzitini amalga oshirish ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, ulardan foydalanish, O‘zbekiston hududiga olib kirish yoki olib chiqish, shuningdek, hudud orqali tranzit olib o‘tish — qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.