Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi monitoring missiyasida delegatsiya rahbari Vaxyu Vijayanto Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Farxod Ermanov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining loyihani amalga oshirish guruhi vakillari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda BMT Taraqqiyot dasturi matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida tomonlar Qoraqalpog‘istonning maqsadli hududlarida «Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish» loyihasining borishi va loyiha tashabbuslarini amalga oshirishdagi muammolarni muhokama qilgan. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy aholining faol ishtiroki orqali qishloq hududlarini rivojlantirishdan iborat.

4 hudud — Qoraqalpog‘istonda, Buxoro, Navoiy va Xorazmda loyihani amalga oshirish uchun ITB jami 200 million dollar ajratgan.️ Bugungi kunga qadar loyiha 113 ta qishloqni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqqan.

Ulardan 31 tasi Qoraqalpog‘istonning 5 ta tumanidagi 160 ta ijtimoiy infratuzilma obyektlarini yaxshilashga qaratilgan. Bunda yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, elektr ta’minoti tizimini yaxshilash rejalashtirilgan.

«Loyihaning kutilayotgan ta’siri qashshoqlikni inklyuziv qisqartirish va barqaror o‘sish orqali iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish bo‘yicha milliy rivojlanish maqsadiga erishishga hissa qo‘shishdan iborat. Loyiha samarasi qishloq aholisi farovonligini oshirish, iqtisodiy va daromad olish imkoniyatlarini yaratishdir», — deyiladi loyiha tavsifida.