Surxondaryo viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Anvar Oripov viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Tayinlovga qadar u 2018 yildan buyon Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — iqtisodchi.

Shuningdek, Farhodjon Ismoilov qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlandi. Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar 2023 yildan buyon Farg‘ona viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — muhandis, huquqshunos.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning viloyatga tashrifi chog‘ida 2022 yil dekabrdan beri Surxondaryo viloyatini vaqtincha boshqarib kelayotgan Ulug‘bek Qosimov viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlangandi.

Prezident, shuningdek, viloyatning 13 tumaniga bir kunda yangi hokimlar tayinlangani bo‘yicha fikr bildirgan.

«Eng asosiysi, odamlarimiz va tadbirkorlarda kelajakka ishonch paydo bo‘ldi. Endi ko‘nglimdagi bitta gapni aytsam. Agar yana bir-ikki yil birgalikda qattiq ishlasak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o‘sish bo‘ladi. Shu bois 13 ta tuman hokimi lavozimiga respublika idoralarida ishlagan, malakali kadrlarni qo‘ydik», — dedi davlat rahbari.