Toshkentda 17 mart kuni britaniyalik iqtisodchi va siyosatshunos olim, «Mamlakatlar tanazzuli sabablari» (Why Nations Fail) kitobi hammuallifi Jeyms Robinson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. «Gazeta.uz» mazkur tadbirning axborot hamkoridir.

«Mamlakatlar tanazzuli sabablari» kitobida «Nega ayrim mamlakatlar farovonroq yashaydi?» degan savolga javoblar izlanadi. 15 yillik o‘z tadqiqotlariga tayangan kitob mualliflarining fikricha, u yoki bu mamlakatdagi farovonlik sababi iqlim, jug‘rofiy joylashuv yoki madaniyat emas, balki mamlakatdagi institutlardir. Kitob dunyoning 40 dan ortiq tillariga, jumladan, o‘zbek tiliga ham o‘girilgan bo‘lib, uning o‘zbekcha tarjimasi iqtisodchi Behzod Hoshimov muharrirligi ostida Sirotulloxon Muhammadsoliyev tomonidan amalga oshirilgan va ilk bor 2021 yili Asaxiy Books tomonidan nashrdan chiqarilgan.

«Gazeta.uz» kitobdan parchalar taqdim etadi. Quyidagi keltirilayotgan parchalar kitobning «Naqadar yaqin va shu qadar turfa» deb nomlangan birinchi bobidan olingan.

Rio-Grande iqtisodi

Nogales shahri devor bilan ikkiga bo‘lingan. Devordan shimolda AQShning Arizona shtati Santa-Kruz okrugiga qarashli Nogales shahri joylashgan. Bu yerda har bir oilaning o‘rtacha yillik daromadi 30 ming dollarga yetadi. O‘smirlarning ko‘pchiligi maktabga qatnasa, kattalarning aksariyati o‘rta ma’lumotli hisoblanadi. AQShda sog‘liqni saqlash tizimi samarasizligiga oid barcha argumentlarga qaramay, aholisi anchagina sog‘lom hamda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori. Hududning aksariyat aholisi yoshi 65 dan yuqori va Medicare tizimi bilan sug‘urtalangan. Bu hukumat ko‘rsatadigan ko‘plab xizmatlardan faqat bittasi, xolos. Elektr energiyasi, telefon tarmog‘i, kanalizatsiya, sog‘liqni saqlash, hududni AQShning boshqa shaharlari bilan bog‘lovchi yo‘llar tizimi hamda so‘nggi, ammo eng muhimi — qonun va tartib kabilar ko‘pchilik uchun odatiy hol hisoblanadi. Arizonaning Nogales shahri aholisi hayotlari va xavfsizliklari haqida qayg‘urmay, o‘g‘rilik, zo‘rlik bilan mulki tortib olinishi yoxud biznesi yoki uyiga tikilgan sarmoyasiga xavf soladigan boshqa narsalardan cho‘chimay, kundalik yumushlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Shu bilan birga, nogalesliklar barcha kamchiliklari va ahyon-ahyonda uchraydigan korrupsiyaga qaramay, hukumatni o‘zlarining yollanma agentlari deb hisoblaydilar. Ular mer, kongressmen va senatorlarni almashtirish uchun ovoz bera oladilar. Ular mamlakatni kim boshqarishini hal qiladigan prezidentlik saylovlarida ovoz beradilar. Demokratiya ular uchun tabiiy instinktga aylanib qolgan.

Devordan janubda — atigi bir necha fut naridagi hayot esa ancha o‘zgacha. Sonoraning Nogales shahri aholisi Meksikaning birmuncha taraqqiy etgan qismida yashasa-da, bir oilaning o‘rtacha daromadi shimoliy Nogalesdagi ko‘rsatkichning uchdan bir qismini tashkil qiladi. Janubiy Nogalesdagi kattalarning aksariyati o‘rta ma’lumotga ham ega emas, ko‘plab o‘smirlar maktabga bormaydi. Onalar go‘daklar o‘limining yuqori darajasi borasida g‘am chekishlariga to‘g‘ri keladi. Abgor sog‘liqni saqlash tizimi bois janubiy nogalesliklar shimollik qo‘shnilari kabi uzoq umr ko‘rmasliklaridan hayratlanmasa ham bo‘ladi. Ularda boshqa ko‘plab qulayliklardan foydalanish imkoniyati yo‘q. Devorning janubidagi yo‘llar yaroqsiz. Qonunlar va tartib-intizom undan ham g‘aribroq ahvolda. Jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lib, biznes yuritish tahlikali ish. Nafaqat talonchilik xavfi mavjud, balki ruxsatnomalar olish va hammaning tomog‘ini «moylash» bilan biznes boshlash oson ish emas. Meksikadagi Nogales shahri aholisi siyosatchilarning korrupsiya va no‘noqligiga chidab yashaydi.

Shimollik qo‘shnilaridan farqli o‘laroq, ular uchun demokratiya anchagina yangi tushuncha. 2000 yilgi siyosiy islohotlarga qadar Meksikaning barcha shaharlari kabi Nogales ham «Institutsion inqilobiy partiya»ning korrupsiyalashgan nazoratida edi.

Qanday qilib bitta shaharning ikki qismi bir-biridan shunchalik farqli bo‘lishi mumkin? Joylashuvi, iqlimi yoki hududda keng tarqalgan kasallik turlari orasida hech qanday farq yo‘q (zero, kasallik tarqatuvchi mikroblarga AQSh va Meksika chegarasini kesib o‘tishda cheklovlar qo‘yish imkonsiz). Shaksiz, aholining sog‘lig‘i bo‘yicha ko‘rsatkichlar farqi sezilarli, ammo buning kasalliklar tarqalish muhiti bilan bog‘liqligi yo‘q. Gap shundaki, janubiy nogalesliklar sanitariya jihatdan yomon sharoitda turmush kechiradi hamda ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmaydi.

Ehtimol, ikkala hudud aholisi o‘rtasidagi farq kattadir? Shimoliy nogalesliklar Yevropadan ko‘chib kelganlarning avlodi bo‘lgani holda, janubiy nogalesliklar atsteklarning zurriyotlari bo‘lishi mumkin- ku? Йўқ, unday emas. Ikkala taraf aholisining tarixiy ildizlari qariyb bir xil. 1821 yilda Meksika Ispaniyadan mustaqil bo‘lgandan so‘ng «Los Nogales» atrofidagi yerlar Meksikaning Viyeja-Kaliforniya shtati tarkibiga kirgan va hatto 1846−1848 yillardagi Meksika-Amerika urushidan keyin ham Meksika tarkibida qolgan. Darhaqiqat, 1853 yilgi «Gadsden savdo bitimi» natijasida AQSh sarhadlari hozirgi chegaraga qadar kengaytirilgan. Chegara hududlarini tadqiq qilgan leytenant N.Michler «chog‘roqqina Los Nogales vodiysi» mavjudligi haqida yozib qoldirgan. Ana shu joyda chegaraning ikki tarafida ikki shahar qad ko‘tardi. Shimoliy (AQShning Arizona shtati) va janubiy Nogales (Meksikaning Sonora shtati) aholisining ajdodlari bir, taomlari, musiqasi, lo‘nda aytganda, madaniyati bir.

Albatta, ikkala Nogales o‘rtasidagi tafovutlarni juda oson va aniq tushuntirish mumkin: ehtimol, buni allaqachon topgan bo‘lsangiz kerakki, bu — shaharni ikkiga ajratib turuvchi chegara. Shimoliy Nogales AQSh hududida joylashgan. Uning aholisiga AQShning iqtisodiy institutlari erkin kasb tanlash, sifatli ta’lim olish va malaka egallash, ish beruvchilarni oylik maoshlarni oshirishga olib keluvchi eng yaxshi texnologiyalarga sarmoya kiritishga rag‘batlantirish imkonini beradi. Siyosiy institutlar ham aholiga demokratik jarayonda ishtirok etib, vakillarini saylash va ular o‘zlarini yomon tarafdan ko‘rsatgan taqdirda ularni almashtirishga imkoniyat beradi. Natijada, siyosatchilar fuqarolarni o‘zlari talab qilgan birlamchi sharoitlar (sog‘liqni saqlash, yo‘llar qurish, qonun va tartibni saqlash) bilan ta’minlaydi.

Meksikadagi Nogales aholisiga esa bunday omad kulib boqmagan. Ular ayricha institutlar shakllantirgan boshqa dunyoda yashaydi. Bu o‘zgacha institutlar ikkala shahar aholisi, sarmoya kiritish istagidagi tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun mutlaqo farqli stimullar yaratadi. Ikkala o‘zgacha shahar va ular joylashgan ikki turli mamlakatning farqli institutlari yaratgan bu stimullar chegaraning ikki tomonidagi iqtisodiy taraqqiyot farqini izohlaydigan asosiy omil hisoblanadi.

Nima uchun AQShdagi institutlar iqtisodiy yuksalish uchun Meksikadagi yoki Lotin Amerikasining bosh- qa mamlakatlaridagi institutlarga qaraganda anchagina qulay? Bu savolning javobi ilk mustamlakachilik davrida turli jamiyatlar shakllantirgan rivojlanish yo‘llaridagi farqlarga borib taqaladi. Institutsional farqlanish o‘sha paytda yuzaga kelgan, asoratlari esa hozirga qadar davom etmoqda. Bu farqlanishni tushunish uchun mavzuni Shimoliy va Lotin Amerikasida mustamlakalar tashkil etilgan davrdan boshlashimiz kerak…

Global tengsizlik nazariyasi sari

Biz noteng dunyoda yashaymiz. Mamlakatlar orasidagi tafovutlar xuddi Nogalesning ikkala qismi o‘rtasidagi farqlarga o‘xshaydi-yu, faqat ko‘lami kattaroq. Badavlat mamlakatlarda odamlar sog‘lomroq, uzoqroq umr ko‘radi va ancha yaxshiroq ta’lim oladi. Ular uchun kambag‘al mamlakatlar aholisi faqat orzu qila oladigan ko‘plab qulaylik va imkoniyatlar, jumladan, dam olish ta’tillaridan tortib, kar’era zinalari bo‘ylab ko‘tarilish kabi imkoniyatlar eshigi ochiq. Badavlat o‘lkalarda aholi o‘ydim-chuqurlari bo‘lmagan ravon yo‘llarda yuradi, uylaridagi kanalizatsiya, elektr energiyasi va suv ta’minotidan bahramand bo‘ladi. Bu mamlakatlarda hukumat odamlarni asossiz hibsga ham olmaydi, tajovuz ham qilmaydi, aksincha, hukumat aholiga ta’lim, sog‘liqni saqlash, yo‘llar va tartibni saqlash kabi xizmatlarni ko‘rsatadi. E’tiborga molik yana bir jihat — fuqarolar saylovlarda ovoz beradi va mamlakatda olib borilajak siyosat yo‘nalishini belgilashda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.

Dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi tengsizlikni namoyon qiluvchi ulkan tafovutlar barchaga, hatto qashshoq mamlakatlarning televideniye va internetdan mahrum aholisiga ham yaxshi ma’lum. Ana o‘sha tafovutlardan boxabarlik insonlarni yaxshi turmush sharoitlari va imkoniyatlarga ega bo‘lish ilinjida Rio-Grande yoki O‘rtayer dengizini noqonuniy kesib o‘tishga majbur qiladi. Bu tengsizlik nafaqat kambag‘al mamlakatlardagi aholining turmushiga ta’sir qiladi, balki u AQSh va boshqa mamlakatlarda ulkan siyosiy oqibatlarga olib keladigan norozilik va qarshiliklarga ham sabab bo‘ladi. Bu kitobning maqsadi nega bunday tafovutlar mavjudligi va unga nima sabab bo‘lganini aniqlashdan iborat. Tengsizlikning mohiyatini anglash yakuniy maqsad emas, balki u hamon qashshoqlikda umr kechirayotgan milliardlab insonlar hayotini yaxshilash bo‘yicha durustroq g‘oyalar o‘ylab topish sari qo‘yilgan ilk qadamdir.

Nogalesni ajratib turuvchi chegaraning ikki tarafidagi tengsizlik aysbergning uchi, xolos. AQSh bilan savdo-sotiq qilish imkoniga ega bo‘lgan Shimoliy Meksika aholisi singari (bu savdo doim ham qonuniy shaklda bo‘lmaydi) nogalesliklar ham bir oilaning yillik daromadi 5 ming dollar atrofida bo‘lgan Meksikaning boshqa hududlari aholisidan ko‘ra farovonroq turmush kechiradi. Nogalesdagi bunday nisbatan yaxshiroq taraqqiyotning manbai sanoat parklarida joylashgan makiladora fabrikalari hisoblanadi. Ana shunday parklardan birinchisiga kaliforniyalik savat ishlab chiqaruvchi Richard Kempbell asos solgandi. Parkning dastlabki ijarachisi esa arizonalik saksofon va fleytalar ishlab chiqaruvchi Artley kompaniyasi xo‘jayini Richard Bossening musiqa asboblari ishlab chiqaradigan Coin-Art kompaniyasi bo‘ldi. Coin-Art'dan keyin Memorex (kompyuter simlari), Avent (maxsus tibbiy kiyimlar), Grant (ko‘zoynaklar), Chamberlain (garaj eshiklari uchun pultlar) va Samsonite (jomadonlar) kabi kompaniyalar ham kirib keldi. E’tiborga molik jihati — ularning barchasi AQSh sarmoyasi va amerikacha bilimlardan foydalangan Amerika kompaniyalari hamda amerikalik tadbirkorlar edi. Shunday qilib, Meksikaning boshqa shtatlari bilan taqqoslaganda, Sonoraning Nogales shahrida erishilgan nisbiy farovonlik tashqaridan kirib keldi.

AQSh va Meksika o‘rtasidagi farq, o‘z navbatida, butun sayyoramizdagi vaziyat bilan solishtirganda uncha katta emas. O‘rtacha amerikalik o‘rtacha meksikalikka nisbatan yetti baravar, Peru yoki Markaziy Amerika aholisiga nisbatan esa 10 baravar farovonroq hayot kechiradi. Amerika fuqarosining turmushi tropik afrikaliklardan ko‘ra qariyb 20 marta, Afrikaning eng qashshoq mamlakatlari — Mali, Efiopiya va Serra-Leone aholisidan ko‘ra salkam 40 karra farovonroq. Bu borada AQShning o‘zi yolg‘iz emas. Badavlat mamlakatlar sanoqli, ammo ularning soni ortib bormoqda. Aholisi dunyoning boshqa joylaridagi odamlarga qaraganda butunlay o‘zgacha hayotda yashaydigan mamlakatlarning aksariyati Yevropa va Shimoliy Amerikada, ular qatoriga Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Singapur, Janubiy Koreya va Tayvanni ham qo‘shish mumkin.

Shimoliy (Arizonadagi) Nogales janubiy (Sonoradagi) Nogalesdan ko‘ra ancha badavlatroqligining sababi oddiy: chegaraning ikki tarafidagi institutlar butunlay o‘zgacha, bu esa ikkala shahar aholisi uchun bir-biridan tamomila farq qiluvchi rag‘batlar hosil qilgan. Bugungi AQSh ham Meksika yoki Peruga nisbatan bir necha barobar boyroq, buning boisi esa Amerikada mavjud iqtisodiy va siyosiy institutlarning fuqarolar, siyosatchilar va biznesga rag‘batlarni shakllantirish yo‘sini bilan bog‘liq. Har qanday jamiyat davlat va fuqarolar birgalikda ishlab chiqadigan hamda joriy etadigan iqtisodiy, siyosiy qoidalar asosida ishlaydi. Iqtisodiy institutlar iqtisodiy rag‘batlarni, xususan, ta’lim olishga, investitsiya qilishga, yangiliklar yaratishga va yangi texnologiyalarni joriy qilishga intilish kabi rag‘batlarni shakllantiradi. Odamlarning qanday iqtisodiy institutlar asosida yashashini siyosiy jarayon hal qiladi, bu jarayon qanday kechishini esa siyosiy institutlar belgilaydi. Masalan, fuqarolarning siyosatchilarni nazorat qilish va ularning faoliyatiga ta’sir ko‘rsata olish imkoniyatlarini mamlakatning siyosiy institutlari belgilaydi. Bu esa, o‘z navbatida, siyosatchilarning fuqarolar vakili ekani yoki yo‘qligi, shaxsiy boyliklarini ko‘paytirish hamda aholiga zarar keltirib, o‘z manfaatlari himoyasida ishonib topshirilgan (balki egallab olingan) vakolatni suiiste’mol qilishi masalasini aniqlab beradi. Siyosiy institutlarga konstitutsiya va jamiyatning demokratik yoki g‘ayridemokratik ekanligi kiradi, lekin siyosiy institutlar shular bilangina cheklanmaydi. Davlatning jamiyatni tartibga solish va boshqarish qudrati, layo- qati ham shular sirasiga kiradi. Bundan tashqari, siyo- siy hokimiyatning jamiyatda qanday taqsimlanishini, ayniqsa, turli guruhlarning o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida yoki boshqa guruhlar maqsadlariga erishishi- ning oldini olish uchun birgalikda harakat qila olish imkoniyatini belgilab beruvchi omillarni yanada kengroq mulohaza qilish ham muhim.

Modomiki, institutlar kishilarning xatti-harakatlari va intilishlariga ta’sir ko‘rsatar ekan, ular mamlakatlarni taraqqiyot yoki tanazzul sari yetaklaydi. Shaxsiy iqtidor jamiyatning har qanday jabhasida muhim, ammo uni ijobiy shaklda yuzaga chiqarish uchun sharoit bo‘lishi kerak. Bill Geyts axborot texnologiyalari sanoatidagi boshqa afsonaviy kishilar: Pol Allen, Stiv Balmer, Stiv Jobs, Sergey Brin, Larri Peyj va Jeff Bezos kabi beqiyos iqtidor va ishtiyoq sohibi edi. Lekin u oxir-oqibat stimullarga (rag‘batlarga) labbay deb javob berdi. Amerika ta’lim tizimi Bill Geyts va unga o‘xshaganlarga o‘z iqtidorlarini takomillashtirish uchun mislsiz ko‘nikmalarni egallash imkonini taqdim etdi. AQShdagi iqtisodiy institutlar ularga o‘z bizneslarini osonlik bilan, yengib o‘tish mushkul bo‘lgan to‘siqlarsiz boshlashga zamin yaratdi. Aynan o‘sha institutlar ularning loyihalarini amalga oshirish uchun sarmoya bilan ham ta’minladi. Amerika mehnat bozori ularga tajribali xodimlarni yollash imkonini bergan bo‘lsa, raqobat muhiti ularga kompaniyalarini kengaytirish va mahsulotlarini sotishga yo‘l ochdi. Avvalboshdanoq bu ishbilarmonlarning orzularidagi loyihalarni amalga oshirish mumkinligiga ishonchlari komil edi: ular mavjud institutlarga, ular yaratgan qonun ustuvorligiga ishondi va mulkka egalik huquqlari xavfsizligi borasida qayg‘urmadi. Nihoyat, siyosiy institutlar barqarorlik va davomiylikni kafolatladi. Siyosiy institutlar, avvalo, hokimiyatni diktator egallab olib, o‘yin qoidalarini o‘zgartirishi, tadbirkorlarning boyliklarini tortib olishi, ularni qamoqqa tashlashi, hayoti yoki mol-mulklariga tahdid solishining oldini oldi. Ikkinchidan, siyosiy institutlar jamiyatdagi hech bir manfaat hukumat siyosatini iqtisodiy jihatdan halokatli yo‘nalishga burib yubora olmasligini ham kafolatladi. Negaki, siyosiy hokimiyat vakolatlari chegaralangan va turli guruhlar o‘rtasida yetarlicha taqsimlangan bo‘lib, bu taraqqiyot uchun rag‘batlar yaratadigan iqtisodiy institutlarni yuzaga chiqardi.

Mamlakatning kambag‘al yoki farovon bo‘lishi iqtisodiy institutlarga asoslanarkan, unda qanday iqtisodiy mexanizmlar bo‘lishini aynan siyosat va siyosiy institutlar belgilashini mazkur kitob ko‘rsatib beradi. Alaloqibat, AQShning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan iqtisodiy institutlari 1619 yildan keyin tadrijiy paydo bo‘lgan siyosiy institutlarning mevasi hisoblanadi. Bizning global tengsizlik nazariyamiz siyosiy va iqtisodiy institutlarning qashshoqlik yoki farovonlikka sabab bo‘lishdagi o‘zaro bog‘liqligini hamda dunyoning turli o‘lkalari ana shunday turfa institutlarga qay tariqa tushib qolganini ko‘rsatib beradi. Shimoliy va Janubiy Amerika tarixi bo‘yicha qisqacha tahlilimiz siyosiy va iqtisodiy institutlarni shakllantirgan kuchlar haqida tasavvur bera boshladi. Bugungi institutlarning turli tuzilishlarda bo‘lishi ildizlari o‘tmishga borib taqaladi, chunki jamiyat o‘tmishda muayyan tarzda tashkil etilgach, odatda o‘sha tarzda davom etaveradi. Biz bu davomiylik siyosiy va iqtisodiy institutlarning bir-biriga qanday ta’sir ko‘rsatishidan kelib chiqishini namoyish etamiz.

Davrlar o‘tishi bilan mavjud institutlarning bardavomligi va bu davomiylikka olib keluvchi kuchlar jahondagi tengsizlikni yo‘qotish va kambag‘al mamlakatlarni taraqqiy ettirish nima sababdan shunchalik qiyinligini ham izohlab beradi. Garchi aynan mavjud institutlar ikkala Nogales hamda AQSh va Meksika orasidagi farqlarning asosi bo‘lsa-da, bu Meksikada ularni o‘zgartirishga hamma ham rozi bo‘lishini anglatmaydi. Jamiyatda iqtisodiy yuksalish va aholi farovonligi uchun eng yaxshi institutlarni yaratish yoki joriy qilishga hojat yo‘q, chunki siyosatni va siyosiy institutlarni nazorat qilayotganlarga boshqacha institutlar foydaliroq bo‘lishi mumkin. Hokimiyatga ega bo‘lgan qudratli toifa va jamiyatning qolgan a’zolari ko‘pincha qaysi institutlarni saqlab qolish va qaysilarini o‘zgartirish borasida yakdil fikrga ega bo‘lmaydi. Karlos Slim o‘zining hokimiyat tepasidagi tanishlaridan ayrilish va uning biznesini himoya qilib turgan, raqobatchilari bozorga kirishi uchun qo‘yilgan to‘siqlar yo‘qolishini istamaydi — bozorga yangi raqobatchilarning kirib kelishi millionlab meksikaliklarning farovonligiga olib kelsa ham, ahamiyatsiz. O‘zaro hamfikrlik yo‘q ekan, jamiyat qanday qoidalar asosida boshqarilishini va hokimiyat qanday idora qilinishini siyosat, ya’ni hokimiyat kimning qo‘lidaligi va uning qay tarzda qo‘llanilishi hal qiladi. Karlos Slimda xohlagan narsasini qo‘lga kiritish uchun yetarlicha qudrat bor. Bill Geytsning imkoniyatlari esa cheklangan. Shu boisdan nazariyamiz nafaqat iqtisod, balki siyosatga ham aloqador. Biz mamlakatlar taraqqiyoti va tanazzulida iqtisodiy institutlarning rolini o‘rganamiz — bu taraqqiyot va farovonlik masalasiga iqtisodiy tomondan yondashishdir. Shuningdek, bizning nazariyamiz institutlar qay tariqa o‘rnatilishi, vaqt o‘tishi bilan qanday o‘zgarishi, millionlab odamlarga qashshoqlik va baxtsizlik keltirsa-da, o‘zgarmay qolishi sabablarini ham o‘rganadi — bu taraqqiyot hamda farovonlik masalasiga siyosiy jihatdan yondashish demakdir.