Yanvar-fevral oylarida yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 12,2 foizgacha pasaydi va kelgusi chorakda sezilarli pasayishi bo‘yicha ishonch ortib bormoqda, deya ma’lum qildi Markaziy bank boshqaruvi 16 mart kungi yig‘ilishda.

«Kuzatuvlarga ko‘ra, iste’mol bozorlarida mart oyining dastlabki ikki haftasida asosiy oziq-ovqat narxlari nisbatan muvozanatlashib, yanvar oyidagi o‘sishdan keyin pasayish dinamikaga o‘tganligi kuzatilmoqda», — deya qayd etgan Markaziy bank.

Mavsumiy va ma’muriy ta’sirga ega bo‘lgan ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘zgarishini inobatga olmasdan hisoblangan bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘tgan yilning ikkinchi choragidan boshlangan o‘sib borish trendi 2023 yil boshidan pasayish tendensiyasiga o‘zgarib, dekabrdagi 13,8 foizdan yanvarda 13,3 foizgacha va fevralda 13,2 foizgacha sekinlashgan.

Fevraldagi so‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalarning yanvar natijalariga nisbatan sezilarli darajada pasayganligini kuzatilgan, bu esa bazaviy inflyatsiya dinamikasi bilan birgalikda, kelgusi oylarda narxlarning barqarorlashishi uchun sharoitlarni yaratishi aytilgan.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda ma’lum darajadagi xatarlar va noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Fevral oyida global inflyatsiya, asosan, energetika va oziq-ovqat sektoridagi narxlarning pasayishi ta’sirida sekinlashishda davom etdi.

«Yetakchi markaziy banklarning inflyatsiyani pasaytirish bo‘yicha qat’iy pozitsiyalari bilan bir qatorda, xalqaro bank sohasida kuzatilayotgan vaziyatlar fonida xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabning oshishi, moliya va xomashyo bozorlaridagi tebranuvchanlikni oshirmoqda», — deyiladi MB xabarida.

Xalqaro moliya bozorlaridagi qat’iy sharoitlar va ayrim savdo hamkorlardagi valyuta kurslarining qadrsizlanishi, bir tomondan, ichki iqtisodiy faollikni qo‘llab quvvatlashda tashqi resurslarni qayta jalb qilishni qiyinlashtirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, valyuta oqimlaridagi nomutanosibliklarni kengaytirib bormoqda.

Jahon oziq-ovqat bozorlarida shakllanayotgan narxlar va kutilmalar, mamlakatimizga import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qulay sharoitlar yuzaga kelishiga asoslarni yaratmoqda. Bu, o‘z navbatida, oziq-ovqat guruhlarida import inflyatsiyasining oshiruvchi ta’sirlarini jilovlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-fevral oylarida ichki iqtisodiy sharoitlarda qisqa muddatli xatarlar ta’siri qisman namoyon bo‘ldi. Yanvar oyi yakuni bo‘yicha chakana savdo, sanoat ishlab chiqarish va qurilish ishlari o‘sish sur’atlarida sekinlashish kuzatildi. Xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani bilan, ushbu sohadagi o‘sish sur’atlari boshqa sohalardan yuqori bo‘lmoqda. Xatarlarning vaqtinchalik xususiyati va o‘z vaqtida ko‘rilgan choralarni hisobga olganda, birinchi yarim yillik yakuniga borib iqtisodiy faollikning muvozanatlashuvi va tarmoq ko‘rsatkichlarining tiklanishi kutilmoqda», — deya qayd etgan MB.

Ijobiy real foiz stavkalarining shakllanishi milliy valyutadagi muddatli depozitlarning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sishiga xizmat qilmoqda. 2023 yilda milliy valyutada ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan tezlashishi iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlarining tiklanishiga ijobiy turtki sifatida baholanmoqda.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining iqtisodiyotdagi yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini baholashda davom etishini ma’lum qildi. Kelgusi harakatlar inflyatsiya darajasi prognoz koridori doirasida shakllanishiga, o‘rta muddatli maqsadli ko‘rsatkichga erishishga hamda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 27 aprelga belgilangan.