11 mart kuni tekshiruvlar o‘tkazilayotgani sabab faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan Star Med Center klinikasi hali ham ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Tashkilot rasman 14 martdan boshlab faoliyatini to‘xtatdi.

Bu haqda Star Med’ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 12 mart kuni bayonot e’lon qilingan. Unda klinika yopilgani haqidagi ma’lumot asossiz ekani ta’kidlangan.

«StarMed klinikasi o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Klinika mutaxassislari, statsionar va barcha diagnostik bo‘limlarimiz o‘z ishlarini har doimgi ish tartibi bo‘yicha davom ettirishmoqda. Klinikamizda barcha turdagi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan eng sifatli uskunalar va tibbiyot apparatlari mavjud. Siz azizlardan turli gap-so‘zlarga ishonmasligingizni va asossiz ma’lumotlarni tarqatmasligingizni iltimos qilamiz», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, klinika faoliyatini to‘xtatmaganini tashkilotning direktori hamda advokati Qalampir.uz saytiga bergan izohida ham aytib o‘tgan.

«Ekspertiza javoblari chiqmasidan oldin, hech kim hech narsa deyolmaydi. Klinika bir kun ham yopilmadi… Agar aybi bo‘lsa qonun oldida hamma javob beradi. Litsenziya faqatgina sud orqali yechiladi», — deyiladi klinika xodimi izohida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asomiddinov allaqachon klinikani vaqtinchalik yopish haqida Adliya vazirligi tizimi orqali xat chiqarilganini tasdiqladi. Klinika direktori esa ushbu xat ularga yetib kelmaganini ta’kidlagan.

Mazkur holatga nisbatan Adliya vazirligi ma’lumot berib, haqiqatdan ham SSV 11 mart kuni Litsenziya axborot tizimi orqali Star Med Center klinikasini vaqtincha yopish haqidagi 33−06793-sonli ogohlantirish xatini kiritganini ma’lum qildi. Klinika Litsenziya axborot tizimidagi kabinetiga kirsa ko‘rinadi, deya izohladi vazirlik matbuot kotibi Sevara Urinbayeva «Gazeta.uz»ga.

Voqealar ortidan 14 mart kuni SSV bayonot bilan chiqib, 13 mart kuni tegishli hujjatlar qog‘oz shaklida takroran klinikaning pochta va faoliyat manziliga jo‘natilganini aytdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli qarori bilan „OMAD PLYUS“ mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ushbu xususiy tibbiyot muassasasi 2023 yil 14 mart kunidan boshlab, 10 kun muddatga o‘z faoliyatini to‘xtatganini vazirlikka ma’lum qildi», deyiladi xabarda.

Farhod Mannopov vafoti haqida

MittiVine taxallusi bilan ijod qilib kelgan taniqli vayner va bloger Farhod Mannopov 5 martga o‘tar kechasi vafot etgandi. Uning o‘limi yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Keyinroq bloger Farhod Mannopov vafoti bo‘yicha shifokorlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berildi.

Ma’lumot uchun, MittiVine taxallusi bilan ijod qilgan 27 yoshli vaynerning Instagram sahifasidagi obunachilari soni 1,1 mln dan ortiqni tashkil etardi. Ijodkor vafotidan so‘ng ularning soni yana 2 ming nafarga ortdi.