Ko‘p yillar davomida Kremniy vodiysidagi startaplarning asosiy kreditorlaridan biri sanalib kelgan AQSh banki Silicon Valley Bank (SVB) ning qulashi so‘nggi kunlarda barcha jahon ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylandi. SVB bankrotligini AQShdagi tijorat banklari orasida tarixdagi ikkinchi yirik va 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan keyingi eng yirik bankrotlik deb atashmoqda.

«Gazeta.uz» The New York Times, Washington Post va Financial Times nashrlariga asoslanib, Silicon Valley Bank qanday qilib va nega yopilganligi, shuningdek, bu yopilish moliya va texnologiya sohalarida qanday xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida gapirib beradi.

Silicon Valley Bank haqida nimalar ma’lum?

Silicon Valley Bank 1983 yilda Kaliforniyaning Santa Klara shahrida, Kremniy vodiysining qoq markazida tashkil etilgan. Tez orada bank texnologik kompaniyalarning asosiy kreditorlaridan biriga aylandi. SVB saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilga kelib u texnologiya va tibbiyot sohasida AQShdagi venchur kapital startaplarining «deyarli yarmi» bilan ishlagan.

2022 yil oxiriga kelib, SVB 209 mlrd dollar aktivlarga ega bo‘lib, shundan taxminan 175,4 mlrd dollar depozitlar edi. Buning natijasida SVB kapitallashuv bo‘yicha AQSh banklari orasida 16-o‘rinni egalladi.

Bank depozitlarni sug‘urtalash bo‘yicha federal korporatsiya (FDIC) tomonidan sug‘urtalangan, ya’ni bankrot bo‘lgan taqdirda omonatchilar pullarining bir qismini hukumatdan oladilar.

Nega SVB bankrot bo‘ldi?

The New York Times`ning yozishicha, Silicon Valley Bank o‘nlab yillar davomida yirik maqsadli startaplar ushbu bankka omonatlarini qoldirgan va mablag‘lar bank tomonidan aksariyat raqobatchilar kabi tasarruf qilingan: uzoq muddatli qarzlarni, masalan, g‘aznachilik obligatsiyalari sotib olish va omonatlarning ozgina qismini naqd pulda ushlab turish.

«Foiz stavkalari pastligicha qolar ekan, bu investitsiyalar oddiy, ammo barqaror daromad keltirishni va’da berardi. Ammo, ma’lum bo‘lishicha, ular uzoq muddatli puxta reja bo‘lib chiqmadi», — deya ta’kidlaydi nashr.

Bank koronavirus pandemiyasi oqibatlari tufayli bir yildan ortiq vaqt davomida hukumat tomonidan rag‘batlantirib turilgan iqtisodiy vaziyatni umuman hisobga olmadi. Natijada, Federal zahira tizimi (FZT) o‘sib borayotgan inflyatsiyani to‘xtatish uchun foiz stavkalarini oshirganida, bu obligatsiyalarning bozor qiymati tushib ketdi.

Ushbu past daromadli obligatsiyalarni sotish o‘rniga, SVB ularning past foiz stavkalariga rozi bo‘lgan holda ularni o‘z portfelida saqlashga qaror qildi. Bankning asosiy mijozlari — startaplar bo‘lmaganda, reja ish berishi mumkin edi, deb yozadi Financial Times.

Texnologiya sanoatidagi tanazzul fonida ko‘plab IT-kompaniyalar daromadlarining pasayishiga duch kelishdi va depozitdagi mablag‘larni ommaviy ravishda yechib olishni boshlashdi.

Bu bankni o‘z balansini mustahkamlash uchun aksiyalarni sotishni boshlashga majbur qildi. Biroq, bu harakat pullarini yechib olishga shoshilgan texnologiya investorlari orasida vahima qo‘zg‘atdi. 11 mart kuni SVB aksiyalari keskin tushib ketdi, bu moliyaviy regulyatorlarni jarayonga aralashishga va bankni yopishga majbur qildi.

SVB`ning qulashi oqibatlari

Silicon Valley Bank`ning qulashi moliya bozorida va texnologiya sohasidagi shokka sabab bo‘ldi. Dastlab, moliyaviy ekspertlar SVB bankrotligi AQSh iqtisodiyotiga unchalik ta’sir qilmaydi, deb ta’kidlashdi. Oxirgi oylarda bankning asosiy mijozlarini tashkil etgan venchur kapitalistlar va startaplar minglab ishchilarni ishdan bo‘shatdi, bu esa milliy iqtisodiyotga unchalik ta’sir qilmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, bank depozitlarining 90% dan ortig‘i FDIC sug‘urtasi bilan qoplangan 250 000 AQSh dollariga teng limitdan oshib ketgan. Pul mablag‘larini yechib olmagan kompaniyalar katta miqdorda pul yo‘qotish va o‘z xodimlariga ish haqini to‘lay olmaslik ehtimoliga duch kelishdi.

Bu boshqa banklardagi omonatlarning xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni uyg‘otdi, bu esa ushbu muassasalardan mablag‘larning chiqib ketishiga olib kelishi mumkin, deya ta’kidlaydi Washington Post.

«Bu startaplar uchun yo‘q bo‘lib ketish darajasidagi hodisa va innovatsiyalarni 10 yil yoki undan ko‘proq muddat orqaga tortib ketadi», — deya ta’kidladi Y Combinator startap inkubatorining bosh direktori Garri Tan.

SVB bankrotligi oqibatlari qatorida boshqa bir qator texnologiya bilan bog‘liq banklarning aksiyalari narxining pasayishi ham kuzatilmoqda. Kaliforniyadagi ko‘plab texnologik kompaniyalarga xizmat ko‘rsatadigan First Republic Bank aksiyalari 22% ga arzonlashdi.

O‘tgan hafta kriptovalyutalar bilan ishlagan yana ikkita AQSh banki — Silvergate va Signature`ning yopilishi bilan vaziyat og‘irlashdi. SVB`ning qulashi Signature Bank mijozlari orasida vahima qo‘zg‘atdi, bu esa omonatlarning yechib olinishiga olib keldi. Signature Bank`ning aksariyat omonatchilari, shuningdek, federal sug‘urtalanganlari, o‘z hisoblarida 250 000 dollardan ortiq mablag‘ni ushlab turishgan.

AQSh rasmiylari nima qilmoqda?

AQSh Moliya vazirligi, Federal zaxira tizimi va Federal depozitlarni sug‘urtalash korporatsiyasi iqtisodiyotni himoya qilish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash uchun «kuchli choralar» ko‘rayotganliklarini ma’lum qilishga shoshildi.

Omonatchilarga faqat kafolatlangan 250 000 AQSh dollari emas, balki SVB va Signature Bank`dagi omonatlari bo‘yicha to‘liq to‘lovlar va’da qilingan. Bu maqsadlar uchun soliq to‘lovchilarning pullari ishlatilmaydi.

FZT, shuningdek, yangi kredit dasturi — Bank Term Funding Program`ni ishga tushirganini e’lon qildi. U banklarga qisqa muddatli kreditlar beradi, mijozlar omonatlarini yechib olishni boshlaydigan taqdirda, banklarda buning uchun naqd pul bo‘ladi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ham bayonot berdi. «Amerikaliklar bizning bank tizimimiz xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilishlari mumkin. Sizning omonatlaringiz xavfsiz», — deya ta’kidladi u.

Bizni yangi moliyaviy inqiroz kutayaptimi?

The New York Times ta’kidlaganidek, Silicon Valley Bank`ning kasodga uchrashi bank sohasiga kengroq ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. Oq uy bu 2008 yildagi kabi vaziyat emasligini aytdi.

«Ochig‘ini aytsam, moliyaviy inqiroz davrida investorlar va tizimli ahamiyatga ega yirik banklarning egalari qo‘llab-quvvatlandi… Biz yana bir bor shunday qilmoqchi emasmiz», — dedi AQSh moliya vaziri Janet Yellen. «Biz omonatchilar haqida qayg‘uramiz va ularning ehtiyojlarini qondirishga e’tibor qaratamiz».

Shunga qaramay, Financial Times`ning yozishicha, SVB`ning qulashi bank sektorini moliyaviy tartibga solishning kamchiliklarini ko‘rsatdi. Foiz stavkalarining oshishi banklar uchun xavf tug‘diradi.

Inflyatsiya o‘sishda davom etmoqda va FZT narxlarni nazorat ostiga olishga urinishda davom etadi, bu esa retsessiya qo‘rquvini kuchaytiradi, deya ta’kidlaydi Washington Post.