Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni Surxondaryoda bo‘lib qaytdi. U Termizda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasida qatnashdi, Termiz tumanida viloyatning turli hududlaridagi olti korxonani ishga tushirish marosimida ishtirok etdi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi fermer xo‘jaligida bo‘ldi, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasini qo‘riqlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi, «Termiz» dala o‘quv maydonida harbiylarning taktik mashg‘ulotlarini kuzatdi va Termizdagi «Yosh chegarachilar» harbiy-akademik litseyini borib ko‘rdi.

Mazkur tadbirlar orasida davlat rahbari «Denov — Boysun yo‘li bo‘yicha odamlardan juda katta e’tirozlar» tushayotgani uchun «birovga ishonmay, o‘z ko‘zi bilan ko‘rish» maqsadida viloyatning ta’mirtalab yo‘llaridan birida Malibu avtomobilini shaxsan o‘zi boshqardi. Shavkat Mirziyoyev bundan avval ham turli transport vositalari rulida ko‘rinish bergandi.

Кўприк ochilishiga yap-yangi oq Malibu'da

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 25 mart kuni Toshkentning Yunusobod tumanini Mirzo Ulug‘bek tumani bilan bog‘lovchi ko‘prik ochilishida qatnasharkan, u yerga yangi avlod oq rangli Chevrolet Malibu avtomobilini o‘zi haydab kelgandi. Bu manzara prezidentning 2016 yil dekabridagi so‘zlarini tasdiqlagan edi.

Shavkat Mirziyoyev oq Malibu rulida. 2017 yil 25 mart. Kadr: «Yoshlar» telekanaliShavkat Mirziyoyev oq Malibu rulida. 2017 yil 25 mart. Kadr: «Yoshlar» telekanali

O‘shanda, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Samarqanddagi JM MAN Auto — Uzbekistan qo‘shma korxonasiga tashrifi vaqti, Shavkat Mirziyoyev hamkasbiga O‘zbekistonda tayyorlanayotgan mashinalarni namoyish etarkan: «Mana bunisi Chevrolet Malibu. Shanba-yakshanba kunlari o‘zim shunda yuraman. Juda qulay», — degan edi.

Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyev keyinroq ham o‘zi mashina haydab turishiga ishora qilgan edi. «O‘tgan kuni mashinada bir yarim soat Toshkentni aylandim. Yurib bo‘lmadi. Qoidabuzarliklar, tirbandliklar shunday ko‘p. Xohlagan odam, xohlagan ishini qilib yuribdi. Odam qo‘rqib ham ketdi buni ko‘rib. Hayron qoldim», — degandi davlat rahbari 2022 yil 6 iyunda.

Kombayn va Malibu’si bor haydovchining samosvali

2021 yilning 1 iyun kuni prezident Surxondaryodagi «Angor Surxon g‘ururi» klasteri dalasida «Rostselmash» kombaynini shaxsan o‘zi haydab, g‘alla o‘rgan edi. «Zamonaviy kombaynlarni sinovdan o‘tkazgan prezident ushbu texnikalarni keng joriy qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi», — deya xabar bergandi o‘shanda «O‘zbekiston 24» telekanali.

Shavkat Mirziyoyev o‘zi boshqargan «Rostselmash» kombaynidan tushmoqda. 2021 yil 1 iyun. Foto: Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev o‘zi boshqargan «Rostselmash» kombaynidan tushmoqda. 2021 yil 1 iyun. Foto: Prezident matbuot xizmati

Keyinroq, 29 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi vaqtida «BelAZ» samosvali rulida o‘tirib, mazkur avtomobil haydovchisi bilan suhbatlashgan edi. Suhbat davomida «BelAZ» haydovchisi shu ish ortidan uyli bo‘lgani, Malibu sotib olganini aytib, prezidentga minnatdorlik bildirgandi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev: «Malibu'ing ham bormi?», — deya hayron qolgandi.

Shavkat Mirziyoyev «BelAZ» samosvali rulida. 2021 yil 29 iyul. Foto: Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev «BelAZ» samosvali rulida. 2021 yil 29 iyul. Foto: Prezident matbuot xizmati

Oq Malibu'da o‘tgan tekshiruv

Prezident 2023 yil 13 mart kuni Surxondaryoga tashrifi vaqti Boysun-Denov yo‘li bilan bog‘liq shikoyatlarni shaxsan o‘zi tekshirishga qaror qilib, abgor yo‘lda Malibu haydadi, yo‘lda unga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamrohlik qildi.

Shavkat Mirziyoyev oq Malibu rulida. 2023 yil 13 mart. Kadr: Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev oq Malibu rulida. 2023 yil 13 mart. Kadr: Prezident matbuot xizmati

«Birovga ishonmayman. Birovga ishonsang, yolg‘on gapiradi, yashiradi. O‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmizki, bu yo‘llarda harakat qilib bo‘lmaydi», — dedi Mirziyoyev. Harakat vaqti mashina bir necha bor «yama»larga tushgan, buni prezident alohida ta’kidlagan, hokim tasdiqlagan.

Tekshiruv davomida Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo hokimiga «O‘zavtoyo‘l» raisi Abdurahmon Abduvaliyev bilan birga 15 kunda «zamonaviy, sifatli va tekis yo‘l» loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi. 15 mart kuni esa Boysun-Denov yo‘nalishidagi 111 kilometr yo‘lni ta’mirlashga kirishilgani ma’lum bo‘ldi.