Jizzax viloyatida ichki ishlar organlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan video tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan fuqarolar qamaldi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Videoda haydovchini to‘xtatgan IIO xodimi rolidagi erkak, unga yutuqli o‘yinda qatnashish imkoni paydo bo‘lganini aytib, 100 dollar tikib, pulini ikki baravarga ko‘paytirishi yoki puldan ayrilishi haqida gapirganini ko‘rish mumkin.

Ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilib, fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

«O‘zim vayn sohasida kulgi yo‘nalishi bo‘yicha videolar qilish bo‘yicha ishlayman. Hozirgi videoni ham o‘zim bilmagan holda besh kun oldin Rossiya kanallarining birida ko‘rib, tarjima qilganman va O‘zbekistonga chiqarganman. Lekin bundan maqsad biror organ xodimining ustidan kulish emas, odamlarga sof kulgi ulashish maqsadida qilganman. Xodimlarning formasidan foydalanish mumkin emasligini hozir tushuntirishdi, bu boshqa takrorlanmaydi», — dedi video qahramonlaridan biri sud majlisida.

Sud hukmiga ko‘ra, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan aybdor deb topilgan. Biriga 15 sutka, boshqasiga esa 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.