O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi avtomashinani Surxondaryo viloyatidagi yo‘l bo‘ylab boshqarib bordi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident «Boysun-Denov yo‘nalishidagi yo‘lning sifati yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan shikoyatlar»ni inobatga olgan holda shunday qarorga kelgan.

Matbuot xizmati e’lon qilgan videoda prezident Surxondaryo hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan birga oq Malibu mashinasini boshqarayotgani aks etgan.

сuрхондарё, шавкат мирзиёев

Prezident Boysun-Denov yo‘li bilan bog‘liq shikoyatlarni shaxsan o‘zi tekshirishga qaror qilganini aytdi. «Birovga ishonmayman. Birovga ishonsang, yolg‘on gapiradi, yashiradi. O‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmizki, bu yo‘llarda harakat qilib bo‘lmaydi», — dedi u.

Harakat vaqtida mashina g‘ildiragi chuqurliklarga bir necha bor tushdi. Kamerada ham yo‘l qoplamasi holati abgor ekanini ko‘rish mumkin.

сuрхондарё, шавкат мирзиёев

Viloyat hokimi prezident bilan gaplashar ekan, bunday yo‘lda mashinada yurib bo‘lmasligini tasdiqladi. Yo‘l-yo‘lakay u daftariga ko‘rsatmalarni yozib bordi.

Davlat rahbari Ulug‘bek Qosimovga Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev bilan birgalikda 15 kun muddatda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda «zamonaviy, sifatli va tekis yo‘l» loyihasini ishlab chiqishni topshirdi.