AQShning Nyu-York shahrida 2017 yil 31 oktabr kuni terakt amalga oshirib, 8 nafar kishini o‘ldirgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov 13 mart kuni AQSh federal sudi tomonidan umrbod ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda AQSh Adliya departamenti xabar qildi.

Soipov Sayfulla Xabibulayevich 1988 yil 8 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 2005 yilda kasb-hunar kollejini tamomlagan, 2005−2009 yillarda Toshkent moliya institutida ta’lim olgan. OTMni tamomlaganidan so‘ng poytaxtdagi «Sayohat» mehmonxonasida buxgalter lavozimida ishlagan. AQShga ketguniga qadar jinoiy javobgarlikka tortilmagan va huquqni muhofaza qilish organlari e’tiboriga tushmagan.

2010 yilda Soipov grin-karta lotoreyasini yutib oladi va shu yilning o‘zida AQShga ketadi. So‘nggi bir necha yil davomida u AQShda vaqtincha yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol bilan shar’iy nikohda bo‘lgan. O‘tgan vaqt ichida Soipov biror marta O‘zbekistonga kelmagan va Toshkentda yashayotgan ota-onasi bilan uchrashmagan.

AQShda bo‘lib turgan vaqtda Soipov O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatida turmagan.

«Sayfullo Soipov AQShga borganidan so‘ng odamovi bo‘lib qolgan, radikal guruhlar ta’siriga tushgan. Bu haqda Amerika OAVlari ham uni tanigan odamlarga tayanib xabar qilmoqda», — deya qayd etilgandi 2017 yilda e’lon qilingan O‘zbekiston TIV huzuridagi «Jahon» Axborot agentligi (hozirgi «Dunyo» AA) xabarida.

«Sayfullo Soipov sakkiz odamning qotili va yana ko‘plab oilalarni cheksiz uqubatda qoldirgan shaxs. Bu dahshatli terror hujumi. U ISHIDga sodiq ekani va aynan mana shu terrorchilik guruhiga kirish uchun bu ishlarni amalga oshirganini hujum paytida ham va butun sud davomida aytib turdi», — dedi Federal prokuror Demiyen Uilyams.

Soipov hujumni ijaraga olingan yuk mashinasida qilgan. U Nyu-York markazidagi ko‘chada yoppasiga 20 kishini bosib ketgan. Jarohatlanganlar orasida tana a’zolaridan ayrilgan, ruhan va jismonan nogiron bo‘lib qolganlar, xususan, 14 yoshli o‘smir bor.