Sirdaryo viloyati prokurori Sanjar Mavlonov o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi. Bosh prokuratura matbuot kotibining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bu haqda 10 mart kuni bosh prokurorning buyrug‘i chiqarilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda uning jinoyat ustida qo‘lga olingan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi xabarda.

U 2022 yilning aprel oyida viloyat prokurori lavozimiga tayinlangandi. Bundan avval Toshkent shahrining Shayxontohur tumani prokurori bo‘lgan.

Mehnat faoliyatini 2006 yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish o‘rganuvchilikdan boshlab, tuman prokuraturasi tergovchisi, Toshkent viloyati prokuraturasi bo‘lim katta tergovchisi, Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, Yangiyer shahri prokurori, Qashqadaryo viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.