13 mart kuni Tashqi ishlar vazirligida Pokistonning yangi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Pokistonning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Ahmad Faruqdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya aloqalari, shuningdek, mintaqalararo hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shakllarda bo‘lajak tadbirlarning jadvali hamda tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oktabr oyida O‘zbekistonga elchi bo‘lib kelgan Said G‘iloniy mamlakatdagi missiyasini fevral oyi boshida yakunlagandi.