Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hokimligi maktab direktori va direktor o‘rinbosari ishtirokida trenddagi qo‘shiqqa ["Za dengi da" qo‘shig‘i] video olingani yuzasidan munosabat bildirdi.

Yuqoridagi holat yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan 91-maktab direktori va uning o‘rinbosarlari bilan suhbat uyushtirildi.

Aniqlanishicha, holat 8 mart kuni bayram munosabati bilan hazil tariqasida olingan va maktab o‘qituvchilari orasida namoyish qilingan.

«Maktab direktori va o‘rinbosarlariga holat bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, bu kabi holatlar boshqa qaytarilmasligi bo‘yicha jiddiy ogohlantirish berib o‘tildi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Jurnalist Nikita Makarenkoga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, videorolikda qatnashgan o‘qituvchilardan birini ishdan bo‘shatishmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq TikTok`da Toshkentdagi o‘quvchi qizlarning mashhur «Za dengi da» qo‘shig‘iga qalbaki dollarlarni sochgan holda o‘ynagani aks etgan hazilomuz videosi tarqalgan. Poytaxt xalq ta’limi bosh boshqarmasi holat bo‘yicha qizlarning ota-onasi uzr so‘raganini va raqs «milliy urf-odatlarga to‘g‘ri kelmasligini» bildirgan.

«Gazeta.uz» esa holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan. Natijada o‘quvchi qizlarning TikTok`dagi videosida huquqbuzarlik aniqlanmagan va XTBB bayonoti asossiz bo‘lib chiqqandi.