2022 yil dekabr oyidan Surxondaryo viloyatining hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab kelgan Ulug‘bek Qosimov viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlandi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev uning nomzodini Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasida taklif qildi.

Nomzodning viloyatda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish, qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirish, ijtimoiy sohadagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalari eshitildi va muhokama qilindi.

So‘ng Surxondaryo viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

U 2022 yil dekabridan beri hokim vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgandi.

«Bugungi sessiyada Surxondaryo viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masalani ko‘rib chiqishimiz kerak. Viloyat deputatlari va faollari bilan maslahatlashib, viloyat hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Qosimov Ulug‘bek Berdiqobilovich nomzodini bu lavozimga taklif qilaman. Ulug‘bek Qosimovga berilgan qisqa vaqt va imkoniyat Surxondaryodagi vaziyat va aholi tashvishlarini chuqur o‘rganish uchun yetarli, deb hisoblayman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot o‘rnida, Ulug‘bek Qosimov Muzrabot va Denov tumanlari hokimi, Surxondaryo va Farg‘ona viloyati prokurori lavozimlarida ham faoliyat ko‘rsatgan.

Prezident, shuningdek, viloyatning 13 tumaniga bir kunda yangi hokimlar tayinlangani bo‘yicha fikr bildirdi.

«Eng asosiysi, odamlarimiz va tadbirkorlarda kelajakka ishonch paydo bo‘ldi. Endi ko‘nglimdagi bitta gapni aytsam. Agar yana bir-ikki yil birgalikda qattiq ishlasak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o‘sish bo‘ladi. Shu bois 13 ta tuman hokimi lavozimiga respublika idoralarida ishlagan, malakali kadrlarni qo‘ydik», — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil mayidan beri hokim sifatida ishlab kelgan, 2022 yil dekabrda lavozimidan ozod etilgan To‘ra Bobolov Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlagan.