Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida «O‘zbekiston qaysi tomonda?» degan savolga javob berdi. Gap Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida ketmoqda. Davlat rahbarining javobi aks etgan videoni uning matbuot kotibi Sherzod Asadov e’lon qildi.

«Zamon juda murakkab, hozir katta-katta davlatlar O‘zbekiston, sen kim tomondasan, deyapti. Neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi endi, yo u tomonga, yoki bu tomonga o‘tgin. Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, o‘zlari ham shunga da’vat qilyapti. Bizga kerak O‘rta Osiyoda O‘zbekiston. [Aholisi] 36 million bo‘ldi, 3−4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tomonsan, deyapti. Qani, bunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak?!» — dedi u.

«Javobim bitta — bir tomonman. Millatim, xalqim buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman», — dedi prezident.

Prezident qaysi davlatlar O‘zbekistondan o‘z tarafini tanlashni so‘rayotganiga aniqlik kiritmadi.