13 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taklif etilgan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek, uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Nizomga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi O‘zbekistondan tashqaridagi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a olishi mumkin. Biroq respublikadagi boshqa xizmat safarlarida sovg‘a olish mumkin emas.

Davlat fuqarolik xizmatchisi oladigan sovg‘a quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • milliy qonunchilikda taqiqlanmagan ashyolar bo‘lishi;
  • sovg‘a xalqaro va boshqa rasmiy tadbirda ixtiyoriy berilgan bo‘lishi;
  • sovg‘a ochiq va oshkora qabul qilinishi;
  • davlat organining obro‘siga putur yetkazmasligi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy omilni keltirib chiqarmasligi.

Qayd etilishicha, davlat fuqarolik xizmatchisi sovg‘ani tadbirdan kelgandan so‘ng 3 ish kunida xo‘jalik bo‘limiga beradi va bunda dalolatnoma tuziladi. Sovg‘aning qiymati aniq bo‘lmasa, xo‘jalik bo‘limi uni baholaydi va qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan (1,2 mln so‘mdan) ko‘p bo‘lmasa, sovg‘a davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladi.

Sovg‘a qiymati BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lsa, u moliya-iqtisod bo‘linmasi tomonidan davlat organi balansiga kirim qilinadi hamda uning ehtiyoji uchun foydalaniladi.

Tez yaroqsiz holga keluvchi sovg‘alar (gul, shirinliklar), shuningdek, kanselyariya to‘plamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovg‘a sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovg‘alar davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi.

Mazkur nizom talablari barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi, deyiladi xabarda.