Prezidentning «Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjatda halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolariga beriladigan imtiyoz va kafolatlar ko‘rsatib o‘tilgan.

Xususan, 2023 yil 1 apreldan halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilandi. Prezidentning 2019 yil 3 iyuldagi qarorida lavozim bo‘yicha maosh va harbiy unvon maoshi yig‘indisining 100 barobari miqdorida nafaqa tayinlanishi ko‘rsatib o‘tilgandi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida (60 mln so‘m) belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berildi.

2023 yil 1 maydan boshlab:

  • oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
  • oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi;
  • belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi;
  • qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinadi;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga O‘zbekiston Qurolli kuchlarining harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turar joy bo‘lmagan taqdirda).

2023 yil 1 iyundan boshlab:

  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga 2 marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a’zolariga:
  • ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;
  • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
  • navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga 2 haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.

Mas’ul vazirlik va idoralar davlat budjetidan ularga ajratilgan mablag‘lar va budjetdan tashqari manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolari uchun ularning murojaatlariga asosan quyidagilar ta’minlanadi:

  • O‘zbekiston hududidagi sanatoriy-kurort muassasalari va bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida yiliga bir marta bepul sog‘lomlashtirish;
  • shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarini (yiliga bir marta), tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalarini olib berish hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlarini qoplash;
  • og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lganlarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, yiliga bir marta dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasini kompensatsiya qilish.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi har bir halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oilasini otaliqqa oladi.

Bunda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila a’zolaridan xabar olinishi, ularning uy-joy bilan ta’minlanish, ishga joylashish, ta’lim olish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish hamda boshqa dolzarb masalalari o‘rganilishi hamda mavjud muammolari hal qilinishi, mazkur farmon va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyoz hamda kafolatlardan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatib borilishi ta’minlanadi.