Kishilarga nisbatan muayyan bir jinsga mansub bo‘lganligi sabab ishlatilgan har qanday zo‘ravonlik, bir so‘z bilan aytganda, gender zo‘ravonligining turli shakllari mavjud bo‘lib, hozirda butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir o‘tkazayotgan doimiy muammo sifatida saqlanib qolmoqda. Mazkur muammo alohida shaxslar, oilalar, hamjamiyatlar va, umuman, jamiyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda, iqtisodiy taraqqiyot hamda inson huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.

Gender zo‘ravonlik — bu erkaklarni ayollardan ustun qo‘yuvchi patriarxal munosabat tuzilmalari va madaniy me’yorlar sabab saqlanib qolayotgan inson huquqlarining buzilishi va gender tengsizligining yuzaga kelishidir. Uning oqibatlari keng qamrovli bo‘lib, jismoniy, psixologik va ijtimoiy farovonlikka tezkor va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Oiladagi zo‘ravonlik — bu gender zo‘ravonlikning, odatda, turmush o‘rtoqlar, juftliklar yoki oila a’zolari o‘rtasidagi yaqin munosabatlar doirasida sodir bo‘ladigan shakli. Bu holat jismoniy, hissiy va jinsiy zo‘ravonlik hamda ruhiy qiynoq va moliyaviy holatini suiiste’mol qilish kabi turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin. Oiladagi zo‘ravonlik, jinsidan qat’i nazar, har qanday turdagi munosabatlarda sodir bo‘lishi mumkin, biroq global miqyosda to‘plangan dalillar shuni ko‘rsatadiki, undan, asosan, ayollar aziyat chekadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda, taxminan, har uchinchi ayol umri davomida o‘z jufti tomonidan jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka yoki begona shaxs tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Afsuski, COVID-19 pandemiyasi gender zo‘ravonlik va oiladagi zo‘ravonlik muammosini yanada chuqurlashtirdi. Pandemiya oiladagi zo‘ravonlik holatlarining global miqyosda keskin ortishiga olib keldi. Uning ko‘lami shu qadar kengaydiki, «BMT-Ayollar» tuzilmasi uni «yashirin pandemiya» deb atadi. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan karantin, iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy izolyatsiya gender zo‘ravonlikning yuzaga kelishi va davom etishi uchun qulay muhit yaratganligi bu muammoni hal etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni har qachongidan ham muhimroq vazifaga aylantirdi.

Oiladagi zo‘ravonlik — yoshi, etnik kelib chiqishi, ta’lim darajasi yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’i nazar, jamiyatning barcha qatlamlariga mansub kishilarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan keng tarqalgan muammo. Biroq, marginallashgan guruhlar yoki ozchilik guruhlariga mansub ayollarda kamsitish (diskriminatsiya)ning turli shakllari o‘zaro kesishishi natijasida oiladagi zo‘ravonlikni boshdan kechirish xavfi yuqori bo‘lishi mumkin.

Misol uchun, etnik ozchilik guruhlari vakillari yoki nogironligi bo‘lgan ayollar yordam va qo‘llab-quvvatlash so‘rab murojaat qilishda ko‘proq to‘siqlarga duch kelishi mumkin. Bu ayollar, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar yoki huquq-tartibot idoralari tomonidan kamsitish va noxolis munosabatga uchrashining ehtimoli mavjud bo‘lib, bu muammoni yanada chuqurlashtirishi mumkin. Shu bois, ushbu shaxslar duch keladigan o‘ziga xos muammolarni e’tirof etish va hal qilish hamda ularga zo‘ravonlik vaziyatlaridan chiqib ketish uchun tegishli yordam va resurslarni taqdim etish juda muhim.

Gender zo‘ravonlik global miqyosda ham, muayyan mintaqalar darajasida ham jiddiy iqtisodiy yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ayollarga nisbatan bo‘lgan zo‘ravonlikning global miqyosdagi iqtisodiy zarari global yalpi ichki mahsulotning qariyb 2 foizini tashkil qilishi mumkin bo‘lib, bu taxminan 1,5 trln dollarga — Kanada iqtisodiyotining hajmiga teng. Bundan tashqari, Yevropa gender tengligi masalalari instituti (EIGE) tomonidan gender zo‘ravonlikning Yevropa Ittifoqidagi iqtisodiy zarari yiliga 366 mlrd yevro atrofida baholangan.

Ushbu xarajatlar tibbiyot va sud xarajatlari kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar, shuningdek, mehnat unumdorligining yo‘qotilishi, qoldirilgan ish kunlari, ruhiy salomatlik va farovonlikka ta’sir kabi bilvosita xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Gender zo‘ravonlikning iqtisodiy yuki nafaqat alohida shaxslar va oilalarga ta’sir qiladi, balki milliy iqtisodiyotlar uchun ham jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Gender zo‘ravonlik va uning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish profilaktika, jabrlanganlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilgan keng qamrovli siyosat, dasturlar va tadbirlar o‘tkazishni talab qiladi. Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish orqali jamiyatlar barcha uchun xavfsizroq, adolatliroq va farovonroq kelajakni yaratishi mumkin.

Global yechimlar

Oiladagi va gender zo‘ravonlik keng tarqalgani hamda alohida shaxslar va hamjamiyatlarga halokatli ta’sir ko‘rsatayotganini e’tirof etgan holda, BMT zo‘ravonlikning bu shakllariga barham berish uchun bir qator choralarni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan asosiy tashabbus va chora-tadbirlar qatoriga Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning qabul qilinishi; 1993 yilda Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish to‘g‘risidagi BMT deklaratsiyasining qabul qilinishi; 1996 yilda Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun BMT Maqsadli jamg‘armasining tashkil etilishi; xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik muammosi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va uni bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni safarbar etishga qaratilgan «Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka BIRGALIKDA barham beramiz» (UNiTE) kampaniyasining ishga tushirilishi; 2017 yilda BMTning Spotlight tashabbusining qabul qilinishi va boshqalarni kiritish mumkin.

BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ayollar guruhlari va xususiy sektorni gender zo‘ravonlikning asosiy kelib chiqish sabablarini, xususan, gender asosida kamsitilish va huquqlar tengsizligini bartaraf etishda qo‘llab-quvvatlaydi. BMTTD tomonidan bu boradagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash usullaridan biri — xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni ilgari surishdir. Bu, o‘z navbatida, hukumatlar bilan gender zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadigan va jabrlanuvchilar uchun yuridik, tibbiy va psixologik yordam olish imkoniyatini ta’minlaydigan qonunlarni ishlab chiqish va tatbiq etish yo‘lida hamkorlikni qamrab oladi.

Ilg‘or xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, keng ishtirokchilikka asoslangan yondashuvlar va huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlari xodimlari uchun samarali o‘quv dasturlarini ishlab chiqish orqali jinoiy sud-huquq tizimi qonunlar va tegishli siyosatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etgan taqdirda, gender zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikka tortishni belgilash samaraliroq kechadi.

BMTTD huquq-tartibot idoralari hamda sud organlarining gender zo‘ravonlik, jumladan, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va unga nisbatan javob choralarini ko‘rish salohiyatini mustahkamlash ustida muntazam ishlaydi. Bu ichki ishlar xodimlari, prokuror va sudyalarni samarali tergov qilish va aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha o‘qitish va qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. Milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish orqali BMTTD gender zo‘ravonlikning asosiy kelib chiqish sabablarini, jumladan, genderga asoslangan kamsitilish va huquqlar tengsizligini bartaraf etishga, shuningdek, xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlashga intiladi.

2019 yilda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning huquqiy ta’rifini qabul qilish orqali O‘zbekiston gender zo‘ravonlik muammosini hal etish masalasida muayyan siljishga erishdi. Qonunda xotin-qizlarga nisbatan oiladagi zo‘ravonlik va ta’qib holatlari e’tirof etilib, uning oldini olish va himoya qilish, shu jumladan, sud qarori asosida beriladigan taqiq orderlari va boshpana bilan ta’minlashni o‘z ichiga oluvchi profilaktik choralar belgilandi. Gender zo‘ravonlikka qarshi samarali javob choralarini ko‘rish uchun hukumat ichki ishlar xodimlari, sudyalar va boshqa mansabdor shaxslarni tayyorgarlikdan o‘tkazdi. Bundan tashqari, hukumat tomonidan Gender tengligi va xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi qabul qilindi, Oliy Majlis Senati huzurida xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish yo‘lida faoliyat yurituvchi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etildi, siyosiy va iqtisodiy qarorlar qabul qilishda ayollarning ishtirokiga imkon yaratildi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda gender zo‘ravonlikni to‘liq bartaraf etish uchun qilinishi zarur bo‘lgan ko‘p ishlar hali oldinda.

Erishilgan yutuqlarga qaramasdan, O‘zbekiston bu borada ilgarigidek qo‘llab-quvvatlash xizmatlari uchun mavjud resurslarning cheklangani, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning tarqalganlik darajasi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emasligi va jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni me’yoriy holat sifatida qabul qilish yoki oqlash madaniyati kabi muammolarga duch kelmoqda. Shunday bo‘lsa-da, hukumatning ushbu muammolarni hal qilish va gender tenglikni ta’minlash masalalariga sodiqligi umid bag‘ishlaydi. O‘zbekistonda gender zo‘ravonlikni bartaraf etish borasidagi yutuqlarni kuzatib borish va sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhim.

Oliy Majlis endilikda o‘z qonunchilik tizimida oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu ish BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining O‘zbekiston hukumatiga «oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi, sud tomonidan jinoiy javobgarlikka tortish va jinoyatning og‘irlik darajasiga mos ravishda tegishli jazo choralari qo‘llashni ta’minlash maqsadida amaldagi qonunchilik, jumladan, Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish» to‘g‘risidagi tavsiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) qo‘mitasining 19-sonli umumiy tavsiyasiga muvofiq, oiladagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari gender belgisiga ko‘ra kamsitish hisoblanishi tasdiqlangan, bunday shakldagi kamsitish esa O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra taqiqlangan. Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning (O‘zbekiston 1995-yil iyulda ratifikatsiya qilgan) 35-sonli umumiy tavsiyasi «barcha sohalarda ayollarga nisbatan ularning jismoniy, jinsiy yoki ruhiy daxlsizligi buzilishiga olib keluvchi gender zo‘ravonlikning barcha shakllari uchun jinoiy javobgarlikka tortish va sodir etilgan huquqbuzarlikning og‘irlik darajasiga mos ravishda huquqiy ta’sir choralari, shuningdek, fuqarolik-huquqiy himoya vositalarini zudlik bilan joriy etish yoki kuchaytirishni ta’minlash uchun» jinoiy javobgarlikni belgilashga chaqiradi.

Jinoiy javobgarlikni kiritish muhim ahamiyatga ega

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar va bitimlarga rioya qilishdan tashqari, gender zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik kiritishning ko‘plab jiddiy sabablari mavjud. Gender zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash potensial tajovuzkorlarni tiyib turuvchi omil sifatida xizmat qilib, jabrlanganlar uchun yanada ishonchli huquqiy himoyani ta’minlashi mumkin. Huquqbuzarlarni qilmishi uchun javobgarlikka tortish orqali bunday zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi va unga toqat qilinmasligi to‘g‘risida tushuncha hosil qilinadi. Shuningdek, bu jabrlanganlarni huquqiy himoya, masalan, sudlarning taqiq orderlari va zo‘ravonlik davom etishining oldini olishga yordam beradigan himoya orderlarining boshqa shakllari bilan ta’minlashi mumkin.

Jinoiy javobgarlik belgilash oiladagi zo‘ravonlikning barcha xususiyatlarini, jumladan, sharoiti, takrorlanuvchanligi, majburiy nazorati, motivlarini hisobga olish imkonini beradi. Bu ushbu jinoyatning og‘irlik darajasini baholash va zo‘ravonlik sodir etayotgan shaxs jamiyat uchun xavfli deb topilgan taqdirda, huquqlarni tiklash yoki qamoqqa olish tartibini qo‘llashni aniqlash imkonini beradi.

Nihoyat, jinoiy javobgarlik belgilash e’tiborni jabrlangan shaxsning o‘zidan ayb qidirishga emas, balki jinoyatchini o‘z qilmishlari uchun javobgarlikka tortishga qaratishga yordam beradi. Bu jabrlanganlarga, ularning murojaatiga jiddiy qaralishi va ularga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxs javobgarlikka tortilishini bilgan holda, yordam so‘rab murojaat qilish mumkinligiga ishora bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa, umid qilamizki, ijtimoiy xulq-atvorda ikkita muhim o‘zgarishga olib keladi: zo‘ravonlik — bu jinoyat ekanini tushunish va bunday jinoyatlar to‘g‘risida oshkora gapirish to‘g‘ri ekanini anglab yetish.

Gender zo‘ravonlik — insoniyatning jinoyat sifatida ta’qib qilinishi zarur bo‘lgan falokatidir. Jamiyatda zo‘ravonlikni jazosiz qoldirish va uning me’yoriy holat sifatida qabul qilish madaniyati davlat tomonidan aniq choralar ko‘rilishini talab qiladi. O‘zbekiston bugungi kunda ushbu sohadagi jazo choralarini qayta ko‘rib chiqayotgan ekan, bu mamlakat ayollari va bolalarini himoya qilish uchun chora ko‘rishning ayni vaqti. Biz O‘zbekiston bu borada to‘g‘ri qaror qabul qilishiga ishonamiz.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.