12 mart kuni ommaviy axborot vositalari hamda Facebook ijtirmoiy tarmog‘ida Samarqand shahri, Mironshoh ko‘chasi, 6-manzilda joylashgan xususiy mulkda bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektining avariya holatga kelib qolgani yuzasidan ma’lumotlar tarqalgan. Madaniy meros agentligining ma’lum qilishicha, shu holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Mazkur turar-joy binosi 2019 yil 4 oktabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan va mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros obyekti hisoblanadi.

2015 yil 10 dekabrda Mironshoh ko‘chasi 4-manzilda «Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni» MCHJ tomonidan qurilish ishlari jarayonida og‘ir texnikalarning yurishi, 8−10 metrli kotlavan qazish va qurilish ishlarning olib borilishi oqibatida madaniy meros obyektining devorlarida yoriqlar paydo bo‘lib, ayrim devorlar yiqilib tushgani aniqlangan va shu kunning o‘zida dalolatnoma rasmiylashtirilib, jarayonni to‘xtatish so‘ralgan.

Shundan so‘ng xususiy tadbirkorga yana bir necha bor ogohlatirish berilishiga qaramasdan qurilish ishlari davom ettirilib kelingan va buning natijasida madaniy meros obyektiga yanada jiddiy zarar yetkazilgan.

2016 yil 1 iyul kuni madaniy meros obyektini texnik holati o‘rganilib, dalolatnoma tuzilgan va huquqni muhofaza qilivchi organlarga murojaat qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmi bilan Mironshoh ko‘chasi 6-manzilda joylashgan madaniy meros obyektining qisman buzilib o‘ta og‘ir avariya holatiga kelib qolishiga sababchi bo‘lgan fuqaro O.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 132-moddasi 2-qismi (Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) bilan aybli deb topilib qonuniy chora ko‘rilgan.

Xususiy tadbirkor tomonidan turar joy binosiga yetkazilgan zarar oqibatida madaniy meros obyektining tarixiy, madaniy, badiiy ahamiyatiga jiddiy zarar yetkazilgan. Tarixiy mulkka nisbatan jiddiy zarar yetkazgani sababli tadbirkorga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilgan.

«Hozirgi kunda hududiy boshqarma tomonidan avariya holatiga kelib qolgan obyektni asrab qolish yoki tarixiy ahamiyatini yoqotgan deb topish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda», — deyiladi agentlik xabarida.