Sog‘liqni saqlash vazirligi vayner vafotidan olti kun o‘tgach, uning o‘limi bo‘yicha dastlabki o‘rganish natijasini e’lon qildi.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asomiddinovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, marhum Farhod Mannopov laborator tahlillar va MSKT tekshiruvlaridan o‘tgan. Unda burun to‘sig‘ining qiyshayishi, gaymor bo‘shliqlari giperplaziyasi, o‘rta va pastki burun chig‘anoqlari giperplaziyasi aniqlangan.

«Shundan so‘ng bemorning roziligi bilan unda tegishli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Fuqaroga rinoseptoplastika amaliyoti uchun endotraxeal narkoz berilgan. Biroq operatsiya davrida marhumning ahvoli to‘satdan yomonlashgan. Olib borilgan intensiv va reanimatsion davo choralariga qaramasdan joriy yil 5 mart kuni soat 03:22 lar chamasi unda biologik o‘lim qayd etilgan», — dedi SSV rasmiysi.

Uning ta’kidlashicha, hozirda tekshiruvlar olib borilayotgani sababli Star Med Center klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

«Shuni alohida aytish kerakki, Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro Farhod Mannopov vafoti yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib bormoqda», — deydi Jaloliddin Asomiddinov.

MittiVine taxallusi bilan ijod qilib kelgan taniqli vayner va bloger Farhod Mannopov 5 martga o‘tar kechasi vafot etgandi. Uning o‘limi yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Keyinroq bloger Farhod Mannopov vafoti bo‘yicha shifokorlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berildi.

Ma’lumot uchun, MittiVine taxallusi bilan ijod qilgan 27 yoshli vaynerning Instagram sahifasidagi obunachilari soni 1,2 mln dan ortiqni tashkil etadi.