10 mart, juma kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi deputatlari bir ovozdan Si Szinpinni uchinchi 5 yillik muddatga Xitoy raisi lavozimiga qayta sayladi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar berdi.

Davlat rahbari saylovi juma kuni ertalab yalpi majlisda yashirin ovoz berish yo‘li bilan bo‘lib o‘tdi. Unda 2952 nafar deputat ishtirok etdi.

Si Szinpin uchinchi muddatga saylangan birinchi Xitoy raisi bo‘ldi.

RIA Novosti`ning yozishicha, Si Szinpin, shuningdek, mamlakatning barcha qurolli kuchlariga rahbarlik va yagona qo‘mondonlikni ta’minlovchi Xitoy Markaziy harbiy komissiyasi rahbari lavozimiga qayta saylandi.

Si Szinpin ilk bor 2013 yil mart oyida Xitoy raisi etib saylangan va 2018 yil mart oyida ikkinchi besh yillik muddatga qayta kirishgandi.

XXR raislik lavozimi 1954 yilda mamlakat konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bu lavozimni birinchi bo‘lib Mao Szedun egallagan. Bu lavozim 1975 yilda tugatilib, 7 yildan keyin qayta tiklangan. Ilgari konstitutsiya bir shaxsning XXR raisligida 2 marta besh yillik muddatga saylanishini cheklagan bo‘lsa, 2018 yil martida konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng tegishli cheklovlar olib tashlangan.

Ma’lumot uchun, Si Szinpin bu yil 70 yoshga to‘ladi va u hokimiyatda qancha vaqt qolishni rejalashtirayotgani haqida aniq taxminlar yo‘q. Ba’zi tahlilchilarning fikriga ko‘ra, hozirgi rahbar kamida 2035 yilgacha o‘z pozitsiyasini saqlab qolishga intiladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga Butunxitoy xalq vakillari yig‘inining 14-chaqiriq birinchi sessiyasida oliy lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.