O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 11−12 mart sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Shanba va yakshanba kunlari O‘zbekistonga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda.

Xususan, 11 mart kuni Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Yakshanba kuni respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Juma va shanba kuni respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi. Harorat kechasi +10…+15 daraja atrofida, shanba kuni kunduzi +21…+26 daraja bo‘ladi, yakshanba kuni havo salqinroq bo‘ladi, havo harorati +13…+18 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

10−12 martda kutilayotgan yomg‘irlar hisobiga tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxtda 10 martda yog‘ingarchilik kutilmaydi, 11 mart kuni kechga tomon va yakshanba kuni kun davomida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi.

Juma va shanba kuni havo harorati +24…+26 darajani tashkil etadi, yakshanba kuni +17…+19 darajagacha salqinlashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq agentlik 11−12 mart kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkinlini ma’lum qilgandi.