2023 yilning mart oyidan boshlab mobil internet tezligini oshirish va butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi. Bu haqda 11 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zbektelekom» kompaniyasi matbuot xizmati rahbari Temur Mamajonov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, loyiha doirasida mavjud tayanch stansiyalari modernizatsiya qilinib, yangilari o‘rnatiladi. Birinchi bosqichda 5G tarmog‘i bilan Toshkent shahrini to‘laqonli qamrab olish, shuningdek, respublika viloyat markazlari qisman qamrab olinishi ta’minlanadi.

Ishlar yakuniga etgach, respublika bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etishning keyingi bosqichlari tahlil qilinadi. Bu borada butun mamlakat bo‘ylab 3000 dan ortiq mavjud tayanch stansiyasini so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha yangilash, shuningdek, 2000 dan ortiq yangi tayanch stansiyasini qurish va ishga tushirish maqsad qilingan.

«Bu O‘zbekiston bo‘ylab mobil aloqa sifatini yaxshilash, LTE standartidagi mobil internet tezligi hamda uning qamrovini oshirish imkonini beradi. Mobil aloqa abonentlari beshinchi avlod tezligida mobil internetdan bemalol foydalanishlari mumkin bo‘ladi. O‘zbekistonda birinchi marta flagman smartfonlar, jumladan, iPhone egalari 5G texnologiyasidagi mobil internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi», — dedi Temur Mamajonov.

Ta’kidlanishicha, 5G aloqalarining sinovdan o‘tkazilishi 2019 yilda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Tarmoq turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida Samarqand shahrida ham ishga tushirilgan.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, mavjud tayanch stansiyalarini modernizatsiya qilish bilan bog‘liq ishlar ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatiga qisqa muddatli ta’sir o‘tkazishi mumkin. Kompaniya tomonidan rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida texnik ishlar olib boriladigan manzillar haqida muntazam ravishda ma’lumot taqdim qilib boriladi.