7 mart kuni soat 11:00 atrofida Andijon viloyati Jalaquduq tumanida 23 yoshli ayol o‘zini yoqib yubordi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, tumanning «Birlashgan» MFY Savob ko‘chasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan A.R. «Navoiy» mahallasidagi adirlik hududida qo‘lida bo‘lgan polietilen idish (baklajka)dagi benzinni ustidan quyib, o‘zini yoqib yuborgan. Shu paytda o‘sha yerda bo‘lgan fuqarolar tomonidan qutqarib qolingan.

Biroq u shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, tuman tibbiyot birlashmasida vafot etdi.

O‘z joniga suiqasd sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, qaror ijroga yuborilgan. Tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.