11 mart kuni umumxalq xayriya hasharida 5 mingga yaqin oilaning uy-joyi ta’mirlab beriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Mahalla» xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Hasan Salomov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ta’mir ishlariga 1 mlrd 300 mln so‘m mablag‘ sarflanadi. Shuningdek, 7 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Buning uchun jami 2 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi.

«Bundan tashqari, 12 ming gektarga yaqin maydonni obodonlashtirish rejalashtirilmoqda. 11 ming tonnaga yaqin maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlanib, 1300 kilometrdan ziyod ariq va lotoklar tozalanadi. 8500 dan ziyod qabriston va 400 ta ziyoratgoh obodonlashtiriladi», — deydi Salomov.

Uning qayd etishicha, hashar doirasida boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish, shuningdek, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlarlarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar o‘tkaziladi.

«Ish beruvchilar tomonidan xodimlarni hasharga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi», — deydi u.

Ma’lum qilinishicha, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 1 million tupga yaqin manzarali, 500 ming tupdan ziyod mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilishi rejalashtirilgan. Aholiga homiylik mablag‘lari hisobidan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari bepul yetkazib beriladi. Shuningdek, hashar doirasida 2 million tupdan ziyod gul ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq hukumat farmoyishiga asosan butun O‘zbekiston bo‘ylab 11 mart kuni umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi. U «Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki» shiori ostida bo‘lib o‘tadi.