1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari 33,96 mlrd dollarni tashkil etdi, deya Markaziy bank ma’lumotiga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Fevralda ularning hajmi yanvar oyiga nisbatan 1,98 mlrd dollarga kamaygan, shu bilan birga, oktabr oyidagi ikki yillik minimumdan 1,65 mlrd dollarga oshgan. Erkin ayirboshlanadigan valyutadagi zaxiralar hajmi bir oy davomida 1,24 mlrd dollarga kamaygan holda 10,07 mlrd dollarga yetdi. O‘zbekistonning xorijiy banklardagi depozitlari va naqd valyutalari hajmi so‘nggi to‘rt oydagi minimal ko‘rsatkich — 1,17 mlrd dollarga kamaydi.

Tonajning 100 000 troya unsiyaga (3,1 tonna) qisqarishini hisobga olgan holda oltin zaxirasi 717 mln dollarga kamaydi. Hozirda u 22,83 mlrd dollarga baholanmoqda, bu joriy yildagi eng past ko‘rsatkich, ammo rekord darajaga yaqin bo‘lishda davom etmoqda.

Hozirda Markaziy bank zaxirasida 391 tonna yoki 12,6 mln unsiyadan bir oz ko‘proq qimmatbaho metall mavjud.

Oxirgi oyda jahon birjalarida oltin kotirovkalari unsiya uchun 1842 dollargacha tushdi, biroq mart oyida ko‘tarilib, 1850 dollardan oshib ketdi. Yanvar oyi boshida ekspertlar 2023 yilda jahon bozorida oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 1900 dollargacha oshishi mumkinligini prognoz qilgandi.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyida O‘zbekiston 1,18 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan, bu umumiy eksportning 56,75 foizini tashkil etadi. Qimmatbaho metallni sotishdan tushgan daromad o‘tgan yanvarga nisbatan ikki baravar oshdi.

Ma’lumot uchun, yanvar oyida O‘zbekiston Markaziy banki 12 tonna oltin eksporti bilan jahon markaziy banklari orasida yetakchi bo‘ldi. Bu noyabr oyidagi eksport ko‘rsatkichidan olti baravar ko‘p va 2022 yilning birinchi choragidagi umumiy sotuvning deyarli yarmini tashkil etadi.