Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonning 2023 yilgi budjetiga bag‘ishlangan «Fuqarolar uchun budjet» axborot nashrini taqdim etdi (.pdf).

Iqtisodiyot vazirligi nashrda joriy yilgi davlat budjeti «global zarbalar va o‘sib borayotgan iqtisodiy noaniqlik sharoitida» shakllantirilganini eslatib o‘tgan.

Taxminlarga ko‘ra, tashqi tahdidlar tufayli iqtisodiyot rejalashtirilganidan pastroq sur’atlarda o‘sadi. Agar o‘tgan yili O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 5,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda YAIM o‘sishi 5,3 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda, biroq 2024−2025 yillarda iqtisodiy faollikning tiklanishi bilan o‘sish mos ravishda 5,6 va 6 foiz darajasida kutilmoqda.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, фуқаролар uchun budjet


«Fuqarolar uchun budjet»ning asosiy bo‘limi daromadlar prognozi, xarajatlar parametrlari va davlat budjeti taqchilligiga bag‘ishlangan. Daromadlar 232,6 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 21,8 foiz (2022 yilda — 202,05 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 22,7 foiz) miqdorida prognoz qilinmoqda.

Ayrim turdagi soliqlar stavkalarining YAIMga nisbatan 22,7 foizdan 21,8 foizgacha kamayishi, shuningdek, bir qator soliq imtiyozlarining bekor qilinishi bilan bog‘liq umumiy soliq yukining kamayishi fonida daromadlarning o‘sishi kutilmoqda.

O‘quvchilar e’tiboriga 2023 yilga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, manbalar bo‘yicha davlat budjeti daromadlari prognozi, ularning tushumiga ta’sir etuvchi omillar taqdim etiladi. Xususan, tushumning asosiy qismi QQS (63,7 trln so‘m) va daromad solig‘i (42,8 trln so‘m)dan tushadi.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, фуқаролар uchun budjet

To‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlarni prognozlashda iqtisodiy o‘sish sur’atlari, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va ish haqining o‘sishi hisobga olindi.

Shuningdek, 2023 yilda budjet xarajatlari hajmi va yo‘nalishlari haqida ham ma’lumot berildi. Xarajatlar 257,7 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 24,1 foiz (2022 yilda — 236,6 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 26,6 foiz) miqdorida tasdiqlangan.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, фуқаролар uchun budjet

«Xarajatlar qismida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoya qilish xarajatlari ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Inflyatsiyaning kuchayishi sharoitida (2022 yilda — 12,3%, 2023 yilda 9,5% bo‘lishi kutilmoqda) ushbu sohani moliyalashtirish, jumladan, ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni oshirishga ko‘proq mablag‘ ajratilishini talab etadi. 2023 yilda Davlat budjeti umumiy xarajatlarining 50,4 foizini ijtimoiy xarajatlar tashkil etadi», — deyiladi xabarda.

Keyingi yillarda joriy etilgan tashabbusli budjet amaliyoti ushbu maqsadlarga ajratiladigan budjet mablag‘larini ko‘paytirish hisobiga kengaytiriladi. O‘quvchilar fuqarolarning bevosita ishtirokida, ularning fikr va takliflarini inobatga olgan holda mahalliy budjet mablag‘larini qancha miqdorda taqsimlash rejalashtirilganligini bilib olishlari mumkin.

Bo‘lim budjet taqchilligi va uni qoplash manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan yakunlanadi. O‘rta muddatli istiqbolda davlat budjeti barqarorligini ta’minlash uchun taqchillikni bosqichma-bosqich: 2023 yilda — 3 foiz, 2024 yilda — 2,7 foiz, 2025 yilda — 2,2 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Nashrning oxirgi bo‘limi davlat qarzining holati va uni boshqarishga bag‘ishlangan. Unda «makroiqtisodiy barqarorlik uchun maqbul darajada qolayotgan» davlat tashqi va ichki qarzining dinamikasi va prognoz qilinadigan hajmi haqida ma’lumot berilgan.

Xususan, agar 2022 yil yakuniga ko‘ra jami davlat qarzi 29,2 mlrd dollarni (yiliga +2,9 mlrd dollar) yoki YAIMga nisbatan 36,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 32,1 mlrd dollar (YAIMga nisbatan 35,7 foiz) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.