Adliya vazirligi 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston qonunchiligida ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar ko‘rsatib o‘tilgani bo‘yicha ma’lumot berdi. Quyida ular bilan batafsil tanishish mumkin.

1. Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 33 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Buning uchun ular quyidagi dasturlardan birini muvaffaqiyatli tugatgan bo‘lishi kerak:

  • Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi ma’qullangan dasturlar asosidagi o‘quv kurslari;
  • «Ishga marhamat» monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta’lim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslarining maxsus o‘qitish dasturlari.

2. Ayollarni pensiya yoshiga to‘lgani sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish taqiqlanadi.

Bunda ayollarning pensiya yoshiga to‘lgani yoki yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelgani sababli nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish mumkin emas.

3. Ayrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi.

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalari kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi. Tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida taqdim etiladi:

  • kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • 2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

Tavsiyanoma olish uchun tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qilinadi.

4. «Ayollar daftari»ga kiritilganlarga 5 mln so‘mgacha kreditlar naqd berilishi mumkin.

«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan quyidagi xotin-qizlar kiritiladi:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
  • tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
  • uy-joyga muhtoj xotin-qizlar;
  • qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ehtiyojmand xotin-qizlar.

5. Ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirishga tanaffus beriladi.

2 yoshga to‘lmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun (o‘ziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari) kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan tanaffus beriladi.

2 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi. Mazkur tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi.

Bolali ayolning xohishiga ko‘ra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.

6. Xotin-qizlarning kasb o‘rganishga qilgan xarajatlarini davlat to‘lab beradi.

Bunda xotin-qizlar nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qiganda qilgan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.

7. «Ayollar daftari»ga kiritilgan yolg‘iz ayollarning farzandlari ham bog‘chaga imtiyozli ro‘yxat asosida qabul qilinadi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, maktabgacha tashkilotlarga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bolalar ro‘yxati (imtiyozli ro‘yxat) yangilandi.

Endilikda bolalarning quyidagi kontingenti bog‘chaga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bo‘ladi:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari (ilgari — nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalari);
  • ko‘p bolali oilalarning bolalari;
  • yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari;
  • kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari (ilgari — harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari);
  • talabalar va pedagoglarning bolalari;
  • akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar;
  • ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar (ilgari — boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar).

8. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi.

Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar to‘lovining:

  • 10 foizi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga (boshlang‘ich badal sifatida);
  • 90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi.

Arizalar tuman hokimi boshchiligidagi hududiy komissiyaga beriladi.

9. Faol va tashabbuskor xotin-qizlar «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Mazkur ko‘krak nishoni bilan:

  • jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan;
  • o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan;
  • sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar taqdirlanadi.

10. 12 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga qo‘shimcha ta’til beriladi.

12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, ularning xohishiga ko‘ra har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi.

Bunday ta’til yillik ta’tilga qo‘shib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.

11. Ayrim xotin-qizlarning kontrakt puli davlat tomonidan to‘lab beriladi.

Xususan, magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilangan. Magistraturada to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt summasini Davlat budjetidan qoplab berish tartibi tasdiqlangan. Buning uchun talabgorlar 15 sentabrga qadar o‘zlari ta’lim oladigan muassasa rektori nomiga ariza bilan murojaat etishlari talab qilinadi.

Shuningdek, hukumat qarori bilan har bir hududdan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz 100 nafar ayollarning to‘lov-kontrakti hokimliklar tomonidan har yili to‘lab beriladi. 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi o‘quv yilida bepul o‘qitilishi ham ko‘zda tutilmoqda.

12. 2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar yengilroq ishga o‘tkaziladi.

2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmaganida bolasi 2 yoshga to‘lgungacha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli ishga o‘tkaziladi. Bunda avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

13. Homilador ayollar, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov qo‘llanilmaydi.

Quyidagi toifadagi shaxslarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddati qo‘llanmaydi:

  • homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga;
  • korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarga;
  • o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilarga;
  • xodim bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan hollarda.

14. Rahbarlik lavozimiga tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtiroki ta’minlanadi.

Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta’minlanishi kerak.

Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning ma’lumoti va kasbiy tayyorgarligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi.

15. Ayrim ayollar 53 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin.

Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqargani yoxud korxonaning tugatilgani munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

16. 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Hukumat qarori bilan kollej yoki texnikum diplomidagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega abituriyentlar orasida alohida test o‘tkaziladi, ular orasidan yuqori ball to‘plagan 500 nafarigina OTMga kira oladi.

17. Xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz ta’lim krediti beriladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta’lim kreditlari ajratiladi. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamg‘armasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘laydi.

18. Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ishga olganlarga subsidiya beriladi.

Prezident qarori bilan mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravari (600 ming so‘m)dan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

19. Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishda javobgarliklar kuchaytirilmoqda.

O‘zbekistonda xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalar huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmaganlarning nomusiga tegish, zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni qondirish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, ularga nisbatan amnistiya qo‘llanmaydi.